French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qayta yo‘lga qo‘yilmoqda
12:26 / 2025-12-22

Jizzax viloyatida joylashgan Qo‘ytosh volfram koni O‘zbekiston tog‘-kon sanoatidagi muhim strategik ob’ektlardan biri sifatida yana ishga tushish arafasida. Nurota tog‘ tizmasining janubi-g‘arbiy qismida joylashgan ushbu konda taxminan 2,5 million tonna volfram zaxirasi mavjud bo‘lib, u nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro sanoat uchun ham katta ahamiyat kasb etadi.

Qo‘ytosh konidagi mineral zaxiralar haqidagi ilk ma’lumotlar o‘tgan asrdayoq aniqlangan. Kon qurilishida ishtirok etgan, nafaqadagi sobiq konchi Suyinboy Sindarov o‘sha davr xotiralarini shunday eslaydi:

– 1983 yilda Qo‘ytosh volfram konida shaxta qurilishi boshlangan edi. Moskva tomonidan 7–8 yil davomida mablag‘ bilan ta’minlandi. Mustaqillikdan so‘ng esa bu ta’minot to‘xtatildi. Iqtisodiy qiyinchiliklarga qaramay, qurilish yana uch yil davom ettirildi. O‘sha paytda Qo‘ytosh shaharchasining o‘zida 60–70 nafar odam shu konda mehnat qilardik. Ammo mamlakat iqtisodiyoti bunday yukni ko‘tara olmadi va 1994 yilda ishlar to‘xtatilib, shaxta yopildi.

Istiqlolning dastlabki yillaridagi og‘ir iqtisodiy sharoitga qaramay, mamlakat keyinchalik barqaror rivojlanish yo‘liga chiqdi. Oqilona iqtisodiy siyosat natijasida strategik ob’ektlarni tiklashga kirishildi. Qo‘ytosh koni ham shular jumlasidan.

– Biz yana ushbu konda ishlay olmaymiz, chunki nafaqadamiz. Lekin farzand, nabiralarimiz ota, bobolar ishlarini davom ettirsa, Qo‘ytosh yana azaliy konchilar shaharchasi sifatida jonlansa degan umiddamiz, – deydi Suyunboy aka Sindarov.

Bugungi kunda Qo‘ytosh konida ishlar haqiqatan ham qayta jonlangan. 1994 yilda to‘xtab qolgan korxona hozirda xitoylik investorlar ishtirokida tiklanmoqda. Loyiha pandemiya va iqtisodiy omillar sabab ma’lum muddat sekinlashgan bo‘lsa-da, yaqin kelajakda tozalash ishlari yakunlanib, 2026 yildan ruda qazib olishni boshlash rejalashtirilgan.

– O‘zbekiston dunyoning mineral resurslarga boy mamlakatlaridan biri. Hukumatingiz bilan hamkorligimiz muvaffaqiyatli kechmoqda, chunki investitsiya uchun qulay muhit yaratilgan. Joriy yil oxiriga qadar tayyorgarlik ishlarini yakunlab, kelgusi yildan ishlab chiqarishni boshlaymiz, – deydi xitoylik bosh menejer Chjan Kuanxao.– Loyihaning dastlabki bosqichida 100 nafar fuqaroni barqaror va munosib ish o‘rni bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan. Korxona to‘liq quvvatda ishga tushgach, yillik ruda qazib olish hajmi 150 ming tonnaga yetadi.

Darvoqe, volfram aviatsiya, mudofaa, mashinasozlik va yuqori haroratga chidamli detallar ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan strategik metall hisoblanadi. Shu bois uni qazib olish va qayta ishlash mamlakat sanoati rivojida muhim ahamiyatga ega.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda texnologik metallar sohasida qiymat zanjirini kengaytirish, eksport salohiyatini oshirish va innovatsion ishlab chiqarishni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.  

Volfram, litiy, molibden, grafit kabi strategik resurslarni o‘zlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar hududlar bandligiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Qo‘ytosh konining ishga tushirilishi Jizzax viloyati va qo‘shni hududlar iqtisodiy salohiyatini mustahkamlab, O‘zbekistonning global volfram bozoridagi o‘rnini yanada kuchaytirish yo‘lida muhim qadam bo‘ladi.

Abdujalol Qayumov (surat), O‘zA muxbiri