English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasini rivojlantirishda ilmiy muassasaning ilk yutuqlari (+video)
17:55 / 2022-09-30

Qaror va ijro

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 9 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.

Mazkur qaror bilan bugungi kunda Energetika vazirligi huzurida Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot instituti faoliyat yuritmoqda. Ayni kunlarda institut olimlari qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va vodorod energetikasini barqaror rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish hamda ushbu sohaning ilmiy salohiyatini kuchaytirish maqsadida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqda.

O‘zA muxbirining Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot instituti direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, texnika fanlari nomzodi Jobir AHADOV bilan suhbati mazkur muassasa tomonidan olib borilayotgan tadqiqot va ularning ahamiyati haqida bo‘ldi.

– Prezidentimizning 2021 yil 9 apreldagi qaroriga asosan Energetika vazirligi huzurida Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilgan, – dedi J.Ahadov. – Shuningdek, qaror bilan institut tuzilmasida Vodorod energetikasi ilmiy-tadqiqot markazi hamda Qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasi texnologiyalarini sinash va sertifikatlash laboratoriyasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Institut respublikamizda qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida ilmiy izlanishlar olib borish, kadrlar tayyorlash va tadqiqot natijalarini hayotga tatbiq etish kabi ishlarni amalga oshiradi.

Ilmiy muassasa jamoasi ko‘p yillik tajribaga ega olimlar va yosh kadrlardan iborat. Hozirgi kunda muassasamizda 11 ta laboratoriya tashkil etilgan. Ulardan 3 tasi Vodorod energetikasi ilmiy-tadqiqot markazida joylashgan. 8 tasida esa qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasi bo‘yicha tahlillar amalga oshiriladi. Masalan, ular quyosh va shamol stansiyalari, biogaz texnologiyalari kabi yo‘nalishlardir.

[gallery-8982]

– O‘tgan bir yilda institut tomonidan qanday fundamental va amaliy tadqiqotlar olib borildi? Ularning natijalari haqida nima deya olasiz?

– bugungi kunda institut tomonidan ushbu sohada bir qator ilmiy va amaliy ishlar olib borilmoqda. Ular fundamental, innovatsion hamda tijoratlashtirishga tayyorlash loyihalari hisoblanadi. Bu fotoelektrik modullar bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borish, ya’ni elementlarning foydalanish koeffitsentlarini oshirishdan tortib to quyosh kollektorlari, vodorod energetikasi sohasidagi tadqiqotlardir.

Izlanishlar natijalariga kelsak, institut hovlisida ko‘rgazma tarzda qo‘yilgan qurilmalarni misol tariqasida aytish mumkin. Energiya samaradorligi bo‘lgan uylarga quyosh stansiyalarini o‘rnatilganda qancha elektr yoki issiqlik energiyasini tejash mumkin? Biz aynan shu jarayonlarni tadqiq qilyapmiz. Shuningdek, hozir gibrid quyosh yoqilg‘i elektr stansiyalarini tashkil etish borasida ilmiy-tadqiqotimiz qizg‘in jarayonda.

Institut olimlari tomonidan respublikamiz hududlarida quyosh va shamol potensiallari, chang va yog‘ingarchilik miqdorlarini o‘lchash bo‘yicha meteostansiyalar ishlab chiqilib, patentlar olindi.

Shu bilan birga, elektromobillar sohasida bir qancha yillardan buyon ilmiy-tadqiqotlar davom ettirilmoqda. Pilot qurilma yaratilib, hozir unda sinov ishlari olib borilmoqda. Institut hovlisida 20 kilovattli quyosh panellar asosida ishlaydigan elektromobillar zaryadlash stansiyasi mavjud. Hozirgi kunda biz ushbu stansiyani onlayn masofadan boshqarish dasturini ishlab chiqyapmiz.

Muassasaning yana bir vazifasi – vodorod energetikasi sohasida ilmiy izlanishlar olib borish. Shu sababli, Vodorod energetikasi ilmiy-tadqiqot markazi va uning uchta laboratoriyasi faoliyatini samarali tashkil etish asosiy maqsadimiz. Hozirgi kunda yangi turdagi vodorod texnologiyalarini yaratish ishlari ham tadqiq qilinmoqda.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/oaxYS62enoc" title="QAYTA TIKLANUVCHI VA VODOROD ENERGETIKASINI RIVOJLANTIRISHDA ILMIY MUASSASANING ILK YUTUQLARI" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>

– Institut faoliyatida xalqaro aloqalar juda muhim. Sohaning rivoji ham aslida shuni talab etadi. Mazkur ilmiy muassasa tomonidan bu borada qanday ishlar yo‘lga qo‘yilmoqda?

– Darhaqiqat, faoliyatimizda xalqaro hamkorlik muhim ahamiyat kasb etadi. Bu masalada ham ezgu maqsadlarni ilgari surmoqdamiz. Misol tariqasida aytadigan bo‘lsam, joriy yilning 23-24 sentyabr kunlari muassasa tashkilotchiligida “Jahonda va O‘zbekistonda past uglerodli rivojlanishning yangi ufqlari” xalqaro ilmiy-texnik anjumani bo‘lib o‘tdi. Ilk bor tashkil etilgan ushbu xalqaro tadbirda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Rossiya, Vengriya, Estoniya kabi davlatlardan olimlar, ishlab chiqarish tashkilotlari mutaxassislari ishtirok etdi.

Anjumandan ko‘zlangan asosiy maqsad past uglerodli texnologiyalarni rivojlantirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng miqyosda joriy etish masalalari, hozirga qadar olib borilgan ilmiy izlanishlarni, shuningdek, ishlab chiqarishdagi yangi yutuqlarni tatbiq etishga qaratilgan. Bunda mahalliy va xorijlik olimlarning o‘zaro muloqoti, fikr almashuvi va xalqaro loyihalarni birgalikda amalga oshirishni yo‘lga qo‘yish soha rivoji uchun muhimdir. Anjuman doirasida olimlarning maqolalarini to‘plamda chop etish ham ko‘zda tutilgan.

Shu tariqa, ilmiy fikrlar va amaliy yutuqlar hamjamiyatini tashkil etish mamlakatimizda “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish, issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish va boshqa sohalarda yangi loyihalarni rejalashtirishga katta imkoniyat bo‘ladi.

Bundan tashqari, quyosh stansiyalarini o‘rnatish bo‘yicha Janubiy koreyalik investorlar va elektromobillar sohasida xitoylik investorlar bilan hamkorlik qilyapmiz. 2021 yilda olimlarimiz Saudiya Arabistonining “Acwa Power” kompaniyasida bo‘lib, ularning faoliyati bilan tanishdi. Vodorod energetikasini rivojlantirish borasida Saudiya Arabistoni olimlari bilan yaqin hamkorlik aloqalari o‘rnatildi. bugungi kunda ikki tomon olimlari vodorod energetikasini rivojlantirish va yosh kadlarni tayyorlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqmoqda.

Umuman olganda, ilmiy muassasamiz tomonidan olib borilayotgan ishlar mamlakatimizda qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasini rivojlantirish yo‘lidagi ilk qadamlardir.

O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA

suhbatlashdi.