Farg‘ona viloyatida iqtisodiyot tarmoqlari, aholi va ijtimoiy soha ob’ektlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, “yashil energetika” avvalo xalqimizning turmush sharoitini yaxshilashi bilan ahamiyatlidir. Quyosh panellarini joriy etish va ulardan foydalanish maqsadida mamlakatimiz aholisi va tadbirkorlarni imtiyozlar va subsidiyalar berish orqali rag‘batlantirish ham yaxshi samara bermoqda.
O‘tgan davr mobaynida 5 ming 590 ta ob’ektda umumiy quvvati 28,8 MVt bo‘lgan kichik quvvatli quyosh fotoelektr stansiyalari o‘rnatildi. Natijada 15,1 million kVt soat elektr energiyasi iqtisod qilinishiga erishildi.
Quyosh fotoelektr stansiyalarini o‘rnatish hisobiga 881 ta ijtimoiy soha ob’ektida 8,6 million kVt soat, 1 ming 400 ta tadbirkorlik sub’ektiga qarashli binolarda 4,8 million kVt soat, 3 ming 309 ta aholi xonadonida 1,8 million kVt soat tejalgani katta imkoniyat bo‘ldi. Natijada ushbu iste’molchilarning qayta tiklanuvchi energiya qurilmalaridan foydalanishi hisobiga 11,3 milliard so‘m mablag‘i hamyoniga qoldi.
Farg‘ona politexnika institutida bugungi kunda 820 kVt soat quvvatga ega bo‘lgan 1 ming 573 dona quyosh panellari to‘liq o‘rnatildi. Qirguli elektr tarmog‘iga ulanib, yashil energiya platformasiga kiritildi. Quyosh panellari joriy yilning iyul oyidan bugungi kungacha jami 153750 kVt energiya ishlab chiqarib, bu institutning bir oylik elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojining 50 foizini tashkil etmoqda.
Shu bilan birgalikda viloyatda qata tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etishni jadallashtirish maqsadida xorijiy investitsiyalar hisobiga qator loyihalarni amalga oshirish ustida ish olib borilmoqda. Viloyatda quyosh fotoelektr stansiyalari qurish bo‘yicha Xitoyning 5 ta kompaniyasi bilan umumiy quvvati 2 gVt lik loyihalar doirasida muzokaralar olib borilib, hozir investorlar tomonidan Energetika vazirligi bilan energiyani sotib olish narxlari yuzasidan kelishuv jarayonlari davom etmoqda.
Jumladan, Beshariq tumanida “China Power International Holding LTD” kompaniyasi tomonidan 600 gektar yer maydonida 500 mVt quvvatli, viloyatning “Marafon Group” xolding kompaniyasi va “CAMC Engineering” kompaniyasi tomonidan 300 gektar yer maydonida 200 mVt quvvatli hamda “Yasin Qurilish” sement zavodi tomonidan 500 mVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyalari qurish, Farg‘ona tumanida “China Huadian Engineering Co., Ltd” korporatsiyasi tomonidan 400 gektar yer maydonida 200 mVt quvvatli, O‘zbekiston tumanida esa “Jiangxi LDK Power Group Co., LTD” kompaniyasi tomonidan 1100 gektar yer maydonida 600 mVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyalari barpo etish bo‘yicha investitsion loyihalar amalga oshirilishi belgilangan.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri