O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida energiya ta’minotini tashkil etish sohasini tartibga solish va rivojlantirish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, “Yashil energiya” axborot tizimidan foydalanish va uning uzluksiz ishlashini ta’minlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
2024 yil 1 fevralga qadar “Yashil energiya” axborot tizimi to‘liq funksional rejimida ishga tushiriladi va Energetika vazirligiga o‘tkaziladi.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalari va ularning asbob-uskunalari, xomashyo, butlovchi va ehtiyot qismlarini import qilishda bojxona to‘lovlarini 120 kun muddatga foizlar undirilmagan holda kechiktirib to‘lashga;
qayta tiklanuvchi energiya manbalari va ularning asbob-uskunalari, xomashyo, butlovchi va ehtiyot qismlarini import qilish faoliyati bilan uch yildan ortiq davr mobaynida shug‘ullanayotgan, bojxona to‘lovlari bo‘yicha majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarib kelgan tadbirkorlarga 6 oy muddatga bojxona to‘lovlarini ta’minlash qo‘llanilmagan holda, bojxona to‘lovlarini bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi. Bunda tadbirkorlar tomonidan oxirgi 3 yil davomida to‘langan bojxona to‘lovlarining miqdori to‘lov muddati uzaytiriladigan summaning 50 foizidan oshmaydigan miqdorini tashkil etishi lozim bo‘ladi.
2024 yil 1 martdan boshlab texnik hujjatlarida yoki markirovkasida quyosh elementlarining sifat ko‘rsatkichlarini ifodalovchi “A”, “V”, “S” va “D” tegishli sinfi to‘g‘risidagi axborotlar mavjud bo‘lmagan quyosh panellarini chetdan olib kirish taqiqlanadi.
Quyosh panellari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligi tasdiqlanishi majburiy bo‘lgan mahsulotlar ro‘yxatiga kiritiladi.
Ikki oy muddatda qayta tiklanuvchi energiya manbalari va ularning asbob-uskunalari, xomashyo, butlovchi va ehtiyot qismlarining texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiqligini baholash bo‘yicha sinov laboratoriyasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
O‘zA