English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qayta tiklanadigan energiya manbalari – bugungi kun zarurati
22:46 / 2019-12-04

Poytaxtimizda qayta tiklanadigan energiya manbalari va energetika infratuzilmasi sohasida xalqaro investorlarning “RENPOWER Uzbekistan – 2019” anjumani oʻtkazildi.


Poytaxtimizda qayta tiklanadigan energiya manbalari va energetika infratuzilmasi sohasida xalqaro investorlarning “RENPOWER Uzbekistan – 2019” anjumani oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tomonidan tashkil etilgan ushbu anjumanda mahalliy va xorijiy ekspertlar, chet ellik investorlar ishtirok etdi.

Anjumanda mamlakatimizda energetika tizimida amalga oshirilayotgan ishlar xorijlik investorlarning Oʻzbekistonda faoliyat koʻrsatishiga va sohani rivojlantirishga hissa qoʻshishiga qulaylik yaratayotgani haqida soʻz yuritildi.

Anjumanda energiya taʼminotining quyosh, shamol, gidro va biogazga oid loyihalari koʻrib chiqildi. Mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan olinadigan elektr energiyasi ulushi 2030-yilga borib umumiy elektr ishlab chiqarish quvvatlarining 26 foizini tashkil etadi. Uning 5 GVt fotoelektrik quyosh stansiyalari va 3 GVt shamol elektr stansiyalari hissasiga toʻgʻri keladi. Yurtimizda rejalashtirilayotgan quvvati 600 MVt boʻlgan uchta fotoelektrik stansiyalari qurish va ishlatish boʻyicha tender savdolarining oʻtkazilishi shu ishlar yechimiga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

– Oʻzbekiston Respublikasining “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish toʻgʻrisida”gi qonuni qabul qilingan, – dedi Energetika vazirligining Investitsiyalar va istiqbolli rivojlanish boshqarmasi boshligʻi Bahrom Umarbekov. – Unda energetika bozorining joriy sharhi, normativ oʻzgarishlar va Oʻzbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalariga oʻtishga oid maʼlumotlar jamlangan. Albatta, bugungi kunda mazkur qonun ijrosi muhim vazifadir. Shu kungacha energetikaga oid ehtiyojlarning 90 foizdan ortigʻini qondirishda asosan gazdan foydalanib kelingan boʻlsa, endi qayta tiklanuvchi energiya manbalarini iqtisodiyotga va energiya tarmogʻiga kiritish yoʻlida dalil qadam tashlanmoqda. Bugungi anjumanda sohada shu yoʻnalishni rivojlantirish va bu jarayonda chet el investitsiyasini jalb qilish muhim hisoblanadi. Shu jihatdan ham anjumanda qayta tiklanuvchi energiyaga oid asbob-uskunalarni ishlab chiqaruvchilar va ishlanmalarni yaratuvchilar uchun asosiy soliq imtiyozlari, qayta tiklanuvchi energiya manbalariga oid loyihalar boʻyicha yerdan foydalanishga doir yangi meʼyorlar haqida maʼlumot berildi.

Yana bir muhim jihat shuki, mamlakatimizning tarmoqli infratuzilmasi elektr uzatish liniyalarini modernizatsiya qilish uchun koʻp miqdorda investitsiya kiritilishini taqozo etadi. Hozirgi paytda elektr uzatish tizimidagi yoʻqotishlar 18 foizni, taqsimlash paytidagi yoʻqotishlar esa 14 foizni tashkil etishi tizimni yanada takomillashtirish zaruratidan dalolatdir.

– Bugun yurtingiz salohiyati har bir xorijlik investorning qiziqishini orttiradi, – dedi Germaniyaning “DIVE Turbinen” kompaniyasi vakili Kristian Vinkler. – Biz ham katta qiziqish bilan Oʻzbekistonga keldik. Kompaniyamiz gidroelektr rivoji uchun uskunalar ishlab chiqaradi. 2012-yildan buyon faoliyat koʻrsatayotgan kompaniya koʻplab xorijiy davlatlar bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Bugungi anjumanda ishtirok etib, Oʻzbekistonda xorijiy investorlar uchun keng qulayliklar yaratilayotganidan yanada yaqinroq tanishdik. Bu borada yangi meʼyoriy hujjatlar, imtiyozlar haqida ham batafsil tushuntirib berishdi. Biz ham shu zaminda oʻz imkoniyatimizni sinab koʻrmoqchimiz.

Shuningdek, anjumanda ishtirokchilar xarajatlarni asta-sekin toʻliq qoplanishini taʼminlash uchun tanlov asosida tarif va narxga oid siyosatning belgilanishi, uni amalga oshirish strategiyasi, xususiy energiya ishlab chiqaruvchilar uchun investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish va davlat-xususiy sheriklik asosida hamkorlik qilish kabi masalalar yuzasidan ham fikr almashdi.