Bugungi davrda toza energiyaga talab ortib borayotgan bir paytda, global isishga sabab bo‘luvchi qazib olinadigan yoqilg‘idan voz kechishga chaqiruvlar ham ko‘paymoqda. Xususan, yaqinda “qayta tiklanadigan energiya inqilobi” misli ko‘rilmagan sur’atlarda davom etayotganini tasdiqlovchi ikkita xalqaro hisobot e’lon qilindi.
Toza energiyaga o‘tishni tezlashtirishga qaratilgan “Ember” tadqiqot markazining ma’lumotlariga ko‘ra, qayta tiklanadigan energiya manbalari ko‘mirdan ko‘ra ko‘proq elektr energiyasi ishlab chiqarmoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida quyosh va shamol energiyasi ishlab chiqarish global elektr energiyasiga bo‘lgan talab o‘sishidan oshib ketdi, bu esa 2024 yilning shu davriga nisbatan ko‘mir va gaz ulushining pasayishiga olib keldi. Mutaxassislar buni “asosiy burilish nuqtasi”, demoqda.

Xalqaro energetika agentligi (IEA) qayta tiklanadigan energiya quvvati o‘sishda davom etishini va 2030 yilga kelib bu holat ikki baravar ko‘payishini ma’lum qildi.
Ta’kidlash joizki, qayta tiklanadigan energiya yaratish sohasida Markaziy Osiyo mintaqasi, jumladan, O‘zbekistonda ham so‘nggi yillarda samarali ishlar amalga oshirilayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Qayta tiklanadigan energiya mintaqamiz taraqqiyotini yuksaltirishda o‘ta muhim yo‘nalishiga, iqtisodiy rivojlanishning drayveriga aylanib ulgurdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘lkamizda amalga oshirilayotgan islohotlar iqtisodiyotning barcha sohalari qatori qayta tiklanadigan energiya yaratishni rivojlantirishga ham ijobiy turtki bo‘ldi. Xususan, oxirgi yillarda energetika tizimiga 35 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilindi va 9 ming megavatt yangi quvvatlar, jumladan, salkam 5 ming megavattli quyosh va shamol, 400 megavattli gidroelektr stansiyalari ishga tushirildi. Sohadagi bunday o‘zgarishlar mahalliy korxonalar rivojiga ham sabab bo‘lmoqda.

Qayd etish joiz, yurtimizda xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoit, iqtisodiy o‘sishning barqarorligi tufayli jahondagi eng ilg‘or kompaniyalar O‘zbekiston bilan hamkorlik qilish istiqbolli ekaniga ishonchi ortmoqda. Hozirgi kunda Saudiya Arabistonining “ACWA Power”, Turkiyaning “AKSA”, “Cengiz Enerji”, BAAning “Masdar”, Xitoyning “China Energy”, “Datang, “Sinoma”, “Poly”, “CNTIC”, “Eagle Rise”, Fransiyaning “EDF”, “Voltalia”, “Total Energies”, Germaniyaning “Siemens Energy” va Qatarning “Nebras” kompaniyalari, Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, Islom taraqqiyot banki va boshqa moliya institutlari mamlakatimiz bilan yaqin hamkorlik o‘rnatib, eng ilg‘or texnologiyalarni olib kelmoqda.

Ekspertlar fikricha, so‘nggi yillarda dunyo bo‘yicha “yashil energiya” tannarxi arzonlashmoqda. Masalan, 2010 yildan beri shamol energiyasining o‘rtacha narxi 60 foizga, quyosh energiyasi esa 90 foizga arzonlashgan. 2023 yilda toza energiya sektori Hindistonda iqtisodiy o‘sishning besh foizini va AQSHda olti foizni tashkil etdi. Bularning barchasi an’anaviy energiya manbalariga qaraganda qayta tiklanadigan energiyaning istiqboli ulkan ekanini isbotlaydi. Binobarin, qayta tiklanadigan energiyaning arzonlashuvi iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirib, yangi ish o‘rinlari yaratadi, energiya xarajatlari kamayishi sababli ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar tannarxi ham pasayadi.

“Yashil energiya”ning yana bir muhim tomoni ekologiya tozaligini ta’minlovchi eng ishonchli manba ekanligidir. Tahlilchilar yozishicha, agar dunyo Parij kelishuvida ko‘rsatilganidek global harorat o‘sishini sanoatdan oldingi darajadan 1,5 daraja Selsiygacha cheklash maqsadiga erishmoqchi bo‘lsa hozirdanoq sa’y-harakatlarni kuchaytirishi kerak.
Tabiiyki, bularning barchasi global isishga sabab bo‘luvchi qazib olinadigan yoqilg‘idan voz kechishni tezlashtirish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, agar belgilangan vazifalar hayotga muvaffaqiyatli joriy qilinsa mamlakatimizda 2030 yilga borib qayta tiklanadigan energiya quvvati 27 gigavattga yetkaziladi. E’tiborlisi, diyorimiz quyosh va shamol energiya resurslari ko‘pligi tufayli “yashil energetika” ishlab chiqarishda ulkan imkoniyatlarga ega.
Saidmurod Rahimov,
O‘zA sharhlovchisi