Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasida Bojxona qo‘mitasining Tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Ilhom Pardayev ishtirokida eksportyor tadbirkorlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda “Bojxona hududida qayta ishlash” rejimi afzalliklari va uni qo‘llash tartibi yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Ta’kidlanganidek, mazkur rejim xorijdan olib kirilayotgan xomashyo va materiallarni bojxona to‘lovlarisiz respublika hududida qayta ishlash hamda tayyor mahsulot sifatida eksport qilish imkonini yaratadi. Bu ishlab chiqarish tannarxini kamaytirish, aylanma mablag‘lardan samarali foydalanish, qo‘shimcha qiymat yaratish va eksport hajmini oshirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, yangi ish o‘rinlari yaratilishi va hudud sanoat salohiyatining yuksalishiga zamin yaratadi.

Uchrashuvda rejimdan foydalanish tartibi, rasmiylashtirish bosqichlari, nazorat mexanizmlari hamda raqamli bojxona xizmatlarining imkoniyatlari atroflicha tushuntirildi. Soddalashtirilgan tartib-taomillar tadbirkorlar uchun vaqt va xarajatlarni qisqartirishga xizmat qilayotgani alohida qayd etildi.
– “Bojxona hududida qayta ishlash” rejimi tadbirkorlar uchun qulay iqtisodiy mexanizm hisoblanadi, – deydi Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi Tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash shu’basi bosh inspektori Rustam Ahmedov. – U orqali korxonalar xorijdan olib kirilgan xomashyoni ortiqcha bojxona to‘lovlarisiz qayta ishlab, tayyor mahsulotni eksportga yo‘naltirish imkoniga ega bo‘ladi. Bu nafaqat korxonaning moliyaviy barqarorligini ta’minlaydi, balki eksport geografiyasini kengaytirish va yangi bozorlarga chiqishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Asosiy maqsadimiz — tadbirkorlarga huquqiy va amaliy ko‘mak berish, muammolarni joyida hal etish va eksportbop ishlab chiqarishni rag‘batlantirishdan iborat.

Muloqot davomida tadbirkorlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar, amaliy masalalar yuzasidan fikr almashildi. Ochiq va konstruktiv ruhda o‘tgan uchrashuv davlat organlari bilan biznes vakillari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga, hududda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish, raqobatbardoshlikni oshirish va milliy iqtisodiyot barqaror rivojini ta’minlashga xizmat qiladi.
G‘ulom Primov, Doston Qalandarov (surat), O‘zA