Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qayta ishlangan chiqindilar — yashil energiya manbai
16:28 / 2025-12-23

Jizzax viloyatida atrof-muhitni muhofaza qilish va chiqindilarni samarali boshqarish yo‘nalishida muhim loyihani amalga oshirishga kirishildi.

Kelgusi 2026 yil boshidan viloyatda chiqindilarni barqaror utilizatsiya qilish va qayta ishlashga qaratilgan zamonaviy inshoot qurilishi rejalashtirildi.

Mazkur loyiha Janubiy Koreyaning Atrof-muhit sanoati va texnologiyalari instituti (KEITI) hamda Jizzax viloyati hokimligi o‘rtasida 2021 yil 2 dekabrda imzolangan memorandum asosida amalga oshirilmoqda. Unga ko‘ra, 2026 yilga qadar viloyatning shahar va tumanlarida chiqindilarni qayta ishlash infratuzilmasini rivojlantirish, jumladan, chiqindilarni yoqish inshootlari, qayta yuklash stansiyalari barpo etish va amaldagi poligonlarni optimallashtirish ko‘zda tutilgan.

Bugungi kunda Sharof Rashidov tumanidagi “G‘azg‘ontepa” QFY hududida joylashgan, maydoni 26,5 gektar bo‘lgan viloyatdagi eng yirik chiqindi poligoni ushbu loyihaning asosiy manzili hisoblanadi.  

Bu yerga kunlik o‘rtacha 300–350 tonna maishiy chiqindi keltiriladi.

Rejaga ko‘ra, Koreya ekologik korporatsiyasi — K-ECO tomonidan 6 million 600 ming AQSH dollari miqdoridagi grant mablag‘lari hisobidan chiqindixona gazini yig‘ish va yoqish orqali kuniga 500 kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarishga qodir inshoot quriladi. Bu nafaqat chiqindilar hajmini kamaytirish, balki “yashil energiya” manbalarini joriy etish yo‘lida ham muhim qadam bo‘ladi.

Joriy yilning 19 dekabr kuni Koreyaning “Korea Comprehensive Engineering Company” (KECC) kompaniyasi bosh menejeri Shin Jaye Keon boshchiligida, “Geotech” hamda “Segin G&E” kompaniyalari vakillaridan iborat delegatsiya Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida mazkur loyihani grant mablag‘lari hisobidan amalga oshirish bo‘yicha pudratchi tashkilot sifatida kelishuvlarga erishildi.

Ma’lum qilinishicha, 2026 yil yanvar oyi yakuniga qadar loyiha uchun zarur ruxsat beruvchi hujjatlar rasmiylashtiriladi va shu oy oxirida qurilish ishlari boshlanadi. Loyiha doirasida chiqindi poligonida qazish ishlari, chiqindilarni tuproq bilan ko‘mish, poligon gazlarini yig‘ish hamda elektr energiyasi ishlab chiqarish inshootini barpo etish ishlari amalga oshiriladi.

Yil yakunida ob’ektni ishga tushirish bo‘yicha sinov ishlari o‘tkazilib, 2026 yil dekabr oyida loyihani to‘liq foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. E’tiborli jihati shundaki, inshoot ishga tushgach, chiqindi gazidan kamida 30 yil davomida elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.

Shuningdek, loyiha yakunida viloyat hududida hosil bo‘ladigan qariyb 1 million tonna chiqindilarni zamonaviy talablar asosida joylashtirish imkoni ham ta’minlanadi. Bu esa ekologik xavfsizlikni oshirish, chiqindilar ta’sirini kamaytirish va aholi uchun sog‘lom muhit yaratishga xizmat qiladi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri