Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Qayta aloqaning sirli mijozi” vazirlik va hokimliklardagi kamchiliklarni aniqladi
10:04 / 2024-01-23

Farmon va ijro

Davlatimiz rahbarining 2023 yil 27 noyabrdagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati tizimi samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga davlat organlari va tashkilotlarining qayta aloqa tizimi samaradorligi darajasini baholash vazifasi yuklatilgan.    

Farmon ijrosini ta’minlash maqsadida Agentlik tomonidan davlat organlari va tashkilotlarida yo‘lga qo‘yilgan qayta aloqa tizimlarining samaradorligi darajasi, shuningdek, “Ishonch telefoni” faoliyatining  sifati “Qayta aloqaning sirli mijozi” tadbiri orqali o‘rganib borilmoqda.  

Bunday tadbirlar orqali qayta aloqa tizimining samaradorligi darajasi telefon qo‘ng‘iroqlarga o‘z vaqtida javob berilishi, aloqa raqamlari orqali ariza, taklif va shikoyatlar qoldirish imkoniyati yaratilgani, shuningdek, murojaat etuvchilarga real vaqt rejimida o‘zlari mas’ul bo‘lgan sohaga oid tushuntirish va yuridik maslahatlar berish mexanizmi joriy etilgani baholanmoqda.    

Jumladan, 2024 yil 10-16 yanvar kunlari davomida 21  vazirlik hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari masofaviy monitoring tartibida o‘rganildi.  

O‘rganishlarda qator vazirlik va idoralarning rasmiy veb-saytlarda e’lon qilingan idoraviy aloqa (“Ishonch telefoni”) raqamlari orqali bir necha bor bog‘lanishga  harakat qilinganda, qo‘ng‘iroqlar javobsiz qoldirildi.  

Ayrimlarida esa “Ishonch telefoni” xizmati faoliyati reglamenti”ga muvofiq, telefon qo‘ng‘iroqlarini qabul qilish uzluksiz (dam olish kunlarisiz) tunu kun 24/7 rejimida amalga oshirilishi to‘g‘risida ma’lum qilingan bo‘lsa-da, o‘rganish davomida mazkur aloqa raqamlari ishchi holatda emasligi aniqlandi.  

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, shu kabi qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish hamda kelgusida yuqoridagi kabi holatlar takrorlanishining oldini olish bo‘yicha ta’sir choralari ko‘rildi.  

Ya’ni 6 ta vazirlik (Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik, Qishloq xo‘jaligi, Transport, Energetika va Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi) va 2 ta viloyat (Andijon, Namangan) hokimligiga taqdimnomalar kiritildi.  

 

N.Abduraimova,  

O‘zA