Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qaysi soha vakillarining oylik maoshi ko‘proq oshgan?
11:02 / 2023-12-13

Kunlik va rejadagi zarur narsani xarid qilish oylik maoshga bog‘liq. Keyingi yillarda yurtimiz aholisining ehtiyoji ortgan. Xarid qilish ham shunga yarasha bo‘lyapti.

Shundanmi, bugun deyarli har bir xonadonda konditsioner, kir yuvish mashinasi, changyutgich va boshqa ro‘zg‘or uchun zarur texnikalar bor. Agar bundan 10 yil oldingi davr bilan taqqoslasak, hozirgi kunda yengil mashinasi yo‘q xonadonlar kamchilikni tashkil etadi. E’tiborlisi, fuqarolarimiz farovon yashash maqsadida turmush tarzini zamon talabiga moslashtirmoqda.  

Xo‘sh, o‘tgan yillar mobaynida qaysi soha vakillarining oylik maoshi ko‘proq oshgan?  

Ushbu savolga javobni Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tomonidan o‘tkazilgan tahlildan izlaymiz. Unga ko‘ra, ilmiy muassasa ekspertlari 2016 yil narxlariga nisbatan O‘zbekiston iqtisodiyoti tarmoqlarida real oylik maoshning o‘sish sur’atini o‘rgangan.  

Tahlil natijalari shuni ko‘rsatadiki, tahlil davrida moliya 167,5 foiz, axborot texnologiyalari – IT 91 foiz, sog‘liqni saqlash 44,2 foiz va logistika 40 foiz kabi sohalarda real o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori o‘sish sur’ati kuzatilgan.  

Real o‘rtacha oylik ish haqi savdo 0,2 foiz, qurilish 16 foiz va san’at 17,1 foiz kabi tarmoqlarda nisbatan sekin o‘sgan. 2016 yil narxlariga nisbatan real ish haqi 52,6 foizga oshgan.  

Shuningdek, MHTI mutaxascislari moliya, IT va logistika kabi sohalarda o‘qitishni taklif qiluvchi 45 ta ta’lim markazi faoliyatini ham o‘rgandi. Unga ko‘ra, moliya kurslarining o‘rtacha davomiyligi 4 oyni, oylik to‘lov miqdori esa o‘rtacha 1 million so‘mni tashkil etgan.  

Demak, moliya mutaxassisligi bo‘yicha o‘qib, ushbu sohada ishga joylashganlar o‘rtacha 4 million so‘m sarflab, ko‘pi bilan 1,5 oy ichida ta’limga sarflagan xarajatini qoplay oladi.  

IT kurslarining o‘rtacha davomiyligi 6,5 oyni, o‘rtacha to‘lov miqdori oyiga 1,5 million so‘mni va ishga qabul qilinganidan so‘ng, o‘qitish xarajatlari o‘rtacha 2-3 oy ichida qoplanadi.  

Dispetcherning o‘qish muddati o‘rtacha 1 oyni, kurslarning narxi esa o‘rtacha 2,3 million so‘mni tashkil etadi. Ba’zi o‘quv markazlari kurslarni a’lo natijalar bilan tugatgan bitiruvchilarga ish o‘rni ham taklif etadi.  

Bugungi kunda logistika sohasi mutaxassislari o‘rtacha 6 million so‘m oylik maosh oladi. Ularning aksariyati masofadan turib ishlaydi.  

Xulosa shuki, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarni tezkorlik bilan egallash va buning uchun o‘quv kurslarida tahsil olish turmush sharoitini yaxshilashdagi eng muhim omildir.  

 

N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA