Yoxud patentlar olamidagi raqobat haqida
Ilm-fan qaysi yo‘nalishda jadal rivojlanayotganini aniqlash usuli ko‘p. Kashfiyotlarga, ishlab chiqarishdagi ixtirolarga berilayotgan patentlarni olaylik. Ma’lum bir ma’noda, qaysi sohada patent ko‘p olinsa, aynan shu yo‘nalishda ilm-fan jadal rivojlanayotganini taxmin qilish mumkin. Masalan, so‘nggi besh yilda sun’iy intellekt texnologiyalari sohasida patent berilishi ortgan.
Birgina 2021 yilning o‘zida olimlar ixtirosi uchun berilgan patent soni 10 mingdan 80 mingtaga ko‘tarilgan. “IFI Claims” tomonidan patent ma’lumotlari tadqiq qilinishi natijasi shuni ko‘rsatdiki, o‘tgan yil patent olish bo‘yicha Amerikaning “IBM” kompaniyasi yetakchilik qilgan.

“IFI Claims” qaysi mamlakat va kompaniyalar biologik model yoki neyrotarmoqqa asoslangan kompyuter tizimi sohasidagi ixtirolariga nisbatan huquqini eng faol ro‘yxatdan o‘tkazganini tahlil qildi. Patentlar soni bo‘yicha eng yuqori o‘sish darajasi biologik model yoki hisoblashni amalga oshiradigan bilogik kelib chiqishga ega fizik materiallardan foydalanilgan kompyuter tizimlari sohasida kuzatilgan.
“Claims Direct” ma’lumotlar bazasi shuni ko‘rsatmoqdaki, so‘nggi besh yilda ushbu sohada berilgan patent soni 10 mingdan 2021 yilga kelib 80 mingtaga yetgan. Bu borada 1 ming 813 ixtiro uchun ariza bergan “IBM” yetakchilik qilmoqda. Neyrotarmoqni qo‘llagan holda ilmiy-tadqiqot loyihalarini faol ilgari surayotgan AQSHning boshqa kompaniyalari ham har galgidan ko‘p patent olgan. “Google” (1 167), “Adobe” (580), “Intel” (1 131) va “Microsoft” (948) ham yangi ixtirolariga patent olish uchun ko‘p ariza tashlagan.
Xitoyda “Baidu” (317), “Tencent” (306), “Huawei” (272), Yevropada “Bosch” (590) va “Siemens” (333)" kompaniyalari peshqadamlikni qo‘ldan bermagan.
“IFI Claims Patent Services” rahbari Mayk Beykroftning ta’kidlashicha, patentlashtirish sur’ati, ayniqsa, sun’iy hayot texnologiyasi sohasida o‘smoqda. "Kompyuterlar, virtual individual yoki hayotning jamoaviy shakli – masalan, yolg‘iz "avatar", ijtimoiy simulyatsiya, virtual chora yoki roy zarralarini optimallashtirish – biologik yondashuvning evristik imkoniyatini ochib beradigan texnologiyalarning ma’lum bir kichik qismidir", - deydi u.

2017 yil “IBM” ushbu sohada atigi bitta ixtiroga patent olgan bo‘lsa, 2021 yilga kelib 77 ta ixtironi rasmiylashtirdi. So‘nggi besh yilda “IBM” 160, “Microsoft” 110, “FANUC” 84, “Deepmind” 74, “Samsung” 72, “Accenture” 70, “Strong Force” 63, “Google” 58 ixtirosini patentlagan.
“Legal Pics” kompaniyasi bosh direktori Mariya Doroshenkoning aytishicha, sun’iy intellekt sohasida eng yirik texnologiya bozori AQSH hisoblanadi. "Ushbu yo‘nalishda “IBM” yetakchi. Shuningdek, AQSHda venchurli investitsiyalash tizimi ham ancha taraqqiy etgan. Bu tadbirkorlar AQSHga kelishini rag‘batlantiradigan omillardan biridir", - deydi u.
Doroshenkoning ta’kidlashicha, texnologiyaga huquqni qayd qilish anchayin murakkab va qimmat, "...lekin o‘zini oqlaydi". Zero, shunda kompaniya "kuchli patentga" ega bo‘ladi va shubhasiz, investitsiya himoyalanishi kafolatlanadi.

Tahlilchilar kompaniya faoliyatidagi asosiy yo‘nalishlarni ajratib ko‘rsatgan. Masalan, “Facebook” ko‘proq tezkor axborot almashuv texnologiyalariga patent rasmiylashtirsa, “Google” aksariyat patentlarini suhbat va ovozni tahlil qilish sohasida amalga oshirayotgan tadqiqotlari bo‘yicha olmoqda. “Sony” moliyaviy mukofotlashga asoslangan o‘yin tizimini rivojlantirmoqda, “Adobe” esa elektron tijorat sohasidagi ixtirolari bilan mashhur.
Shuningdek, “IFI Claims” mutaxassislari yuqorida nomi zikr etilgan barcha kompaniyalar hisoblash texnikasi, o‘yinlar, raqamli ma’lumot berish bo‘yicha ham tadqiqot olib borayotganiga e’tibor qaratmoqda. Bu metakoinot taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shayotgan kompaniyalarni aniqlash imkonini berarkan. Ular mazkur saralangan ro‘yxatga eng yirik texnologik korporatsiyalar – “Microsoft”, “Samsung”, “IBM”, “Intel”, “Apple”, “LG”, “Adobe”, “Sony”, “Facebook”, “Google”, “Baidu”, “Disney”, “Universal” kabi mediamahsulot ishlab chiqaruvchi kompaniyalarni qo‘shgan.
“Ayniqsa, ixtisoslashgan korxonalar uchun qo‘shimcha reallik platformasini taklif etayotgan “Magic Leap” kompaniyasi hamda finlarning garnituralar, virtual va aralash reallik uchun yechim taklif etayotgan “Varjo Technologies” kompaniyalari patent olishda ilg‘or”, - aniqlik kiritadi tadqiqot mualliflari.

Yaqinda AQSH vakillar palatasi rahbariyati tomonidan mamlakatning texnologik yetakchiligini qaytarish va Xitoyga raqobatni kuchaytirish uchun bir necha o‘n milliard dollar ajratish bo‘yicha qonun loyihasi elon qilindi.
Prezident Jo Bayden yarim o‘tkazgich ishlab chiqarishni rivojlantirishni ko‘zda tutuvchi tashabbusni qo‘llab-quvvatlash uchun 52 milliard dollar investitsiya jalb qilinishini ma’lum qildi. Yana 45 milliard dollar amerika bozorida eng zarur tovarlar tanqisligini bartaraf qilish va AQSHda kamyob mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish uchun ajratiladi.

"Mazkur loyiha amalga oshsa, Amerika Qo‘shma Shtatlarida sanoat sohasida yangi ish o‘rinlari tashkil etiladi, zamonaviy texnologiyalar yaratish bo‘yicha mamlakatning dunyodagi yetakchiligi ta’minlanadi", - deyiladi prezident bayonotida.
Qo‘rinyaptiki, yuqori texnologiyalar sohasini rivojlantirish bo‘yicha dunyoning yetakchi davlatlari o‘rtasida keskin raqobat mavjud. Zero, bugungi kunda har qanday mamlakatning iqtisodiy muvaffaqiyati yuqori texnologiyalar sohasidagi yutuqlar bilan belgilanadi. Istaymizmi, yo‘qmi, kuchli raqobatga moyil bozordan har kim o‘ziga munosib o‘rin topishiga harakat qilishga majbur. Ayni maqsadga intilmagan mamlakat esa nafaqat o‘z iqtisodiyotini qiyin ahvolga solib qo‘yishi, balki taraqqiyotdan ham orqada qolib ketishi tobora ayonlashmoqda.
S.Rahimov,
O‘zA