Qaysi jamoa Superligada qoladi?
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasida qolish uchun kurashayotgan “Buxoro” va “Xorazm” jamoalari bugun, 10 dekabr kuni pley-off bosqichining ikkinchi raundida o‘zaro bahslashadi. Uchrashuv soat 15:00 da boshlanadi.
Mazkur to‘qnashuvdagi g‘olib jamoa Superligada qoladi, mag‘lub tomon esa yana bir imkoniyat uchun Pro-liga ishtirokchisi “Aral”ga qarshi kurashishga majbur bo‘ladi. Bugungi o‘yin ishtirokchilari joriy yilgi mavsumda o‘zaro ikki bor o‘yin o‘tkazgani barchaga ma’lum.
Unda “Buxoro” dastlabki o‘yinni safarda o‘tkazib, 4:1 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lsa, o‘z uyida 1:1 hisobida durang qayd etgan edi. Hozirga kelib umumiy to‘qnashuvlar soni 16 taga yetgan va “Buxoro” jamoasining g‘alabalar soni 11, “Xorazm”da esa 4 ta. Faqat bir o‘yin durang bilan tugagan.
Ma’lumot o‘rnida: Pley-offning dastlabki bosqichida “Buxoro” penaltilar seriyasida “Mash’al”ga, “Xorazm” esa “Qo‘qon-1912”ga yutqazgan.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA