Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qaysi hollarda kadastr hujjati bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatilgani uchun yig‘im undirilmaydi?
11:04 / 2022-09-30

Ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatiga olish yuridik va jismoniy shaxslarning ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarini, shu jumladan bitimlar asosida vujudga kelishini, uzatilishini, cheklanishini, bekor qilinishini tan olish va tasdiqlashning huquqiy hujjatidir.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda 2,6 million xonadonning kadastr hujjatlari mavjud emas. Kelgusida kadastri yo‘q xonadonlar masalasini uzil-kesil hal qilish uchun alohida qonun loyihasi ishlab chiqish belgilangan. Bu borada yangi tartib ishlab chiqilayotgan qonunda o‘z aksini topadi. Shuningdek, joriy yil 1 oktyabrga qadar mahallabay kadastr hujjati bo‘lmagan xonadonlarning elektron ro‘yxati shakllantiriladi.  Uy-joyga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etishga asos bo‘luvchi hujjatlar to‘planadi va elektron bazaga kiritiladi. 

Davlat xizmatlari agentligi matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra,  respublikamizda aholiga qulaylik yaratish, hududlardagi mavjud resurslardan samarali foydalanish, aholiga maishiy, savdo, transport, tibbiy va boshqa turdagi zamonaviy xizmatlarni ko‘rsatishda qulayliklar yaratish hamda aholining turmush darajasini yanada oshirish maqsadida aholi punktlari chegaralariga o‘zgartirishlar kiritiladi. 

Ma’lumki, bir tuman yoki shaharning ma’lum bir qismini ikkinchi tuman yoki shaharga qo‘shilishi yoki yangi tuman/shahar shaklida tashkil etilishi, kelgusida ushbu hududlarda yashovchi aholining yashash manzili nomiga va kadastr hujjatlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritish zaruratini yuzaga keltiradi. O‘z navbatida fuqarolar mavjud kadastr hujjatlarini yangisiga almashtirishda qonunchilik hujjatlariga muvofiq ma’lum bir to‘lovlarni amalga oshirar edi. 

Joriy yilning 28 sentyabr kuni qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Hukumatning 2014 yil 10 iyuldagi 186-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Unga muvofiq endilikda qonunchilik hujjatlariga muvofiq aholi punktlarining nomlanishi va chegaralari o‘zgarganda, shu jumladan bir hududdan boshqa hududga o‘tkazilganda (turar yoki noturar ko‘chmas mulk ob’ektida rekonstruksiya, qo‘shimcha va alohida qurilish mavjud bo‘lgan hollar bundan mustasno) davlat xizmatlari ko‘rsatilganligi uchun yig‘imlar undirilmasligi belgilandi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, Oliy Majlis Senatining “Toshkent viloyatining Zangiota, Yuqori Chirchiq, O‘rta Chirchiq va Qibray tumanlari hamda Toshkent shahrining Sergeli, Bektemir, Mirzo Ulug‘bek va Yashnobod tumanlarining, shuningdek, Toshkent viloyati va Toshkent shahri chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risida”gi 2021 yil 27 avgustdagi qarori bilan Toshkent viloyatining bir qator aholi punktlari Toshkent shahriga o‘tkazilgan bo‘lib, ushbu hududlarda yashovchi aholi mazkur qulaylikdan foydalanishlari mumkin. 

 

Muhayyo Toshqorayeva,

O‘zA