Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qaysi holatlarda ijara shartnomasini bekor qilishda sudning aralashuvi kerak bo‘ladi?
17:03 / 2023-08-17

Huquqiy munosabat

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 600-moddasiga binoan “Uy-joyni ijaraga berish shartnomasiga binoan bir taraf –uy-joyning mulkdori yoki u vakolat bergan shaxs, jumladan, ijaraga beruvchi – boshqa taraf, ya’ni ijaraga oluvchiga uy-joyda yashash uchun uni haq evaziga egalik qilish va foydalanishga topshirish majburiyatini oladi.

Xo‘sh, uy-joyni ijaraga berish shartnomasi qanday shaklda tuziladi? Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Javohir Eshonqulov bu borada batafsil ma’lumot berdi.    

–Uy-joy yuridik shaxslarga ijara shartnomasi yoki boshqa shartnoma asosida egalik qilish va (yoki) foydalanish uchun topshirilishi mumkin. Yuridik shaxs uy-joydan faqat fuqarolarning yashashi uchun foydalanishi mumkin.  

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 602-moddasiga ko‘ra, doimiy yashash uchun yaroqli bo‘lgan alohida uy-joy (kvartira, uy, kvartiraning yoki uyning bir qismi) uy-joyni ijaraga berish shartnomasining ob’ekti bo‘lishi mumkin.  

Uy-joyning yashash uchun yaroqliligi uy-joy to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan tartibda aniqlanadi.  

Ko‘p kvartirali uydagi uy-joyni ijaraga olgan shaxs undan foydalanish bilan bir qatorda ushbu Kodeksning 211-moddasida ko‘rsatilgan mol-mulkdan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi.  

–Uy-joyni ijaraga berish shartnomasi qanday shaklda tuziladi?  

–O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 603-moddasiga ko‘ra, uy-joyni ijaraga berish shartnomasi yozma shaklda tuziladi. Fuqarolar o‘rtasida tuzilgan uy-joyni ijaraga berish shartnomasi davlat soliq organlarida hisobga qo‘yilishi lozim.  

–Ijaraga olingan uy uchinchi shaxs tomonidan sotib olinganda ijara shartnomasi nima bo‘ladi?  

–O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 604-moddasiga ko‘ra, ijara shartnomasi bo‘yicha egallab turilgan uy-joyga bo‘lgan mulk huquqining boshqa shaxsga o‘tishi shartnomaning o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishiga olib bormaydi. Bunda yangi mulkdor ilgari tuzilgan ijara shartnomasi shartlari asosida ijaraga beruvchiga aylanadi.  

–Uy-joyni ijaraga berish shartnomasi qancha muddatga tuziladi?  

–Uy-joyni ijaraga berish shartnomasi besh yildan ortiq bo‘lmagan muddatga tuziladi. Agar shartnomada muddat ko‘rsatilgan bo‘lmasa, u besh yilga tuzilgan hisoblanadi.  

Bir yilgacha muddatga tuzilgan uy-joyni ijaraga berish (qisqa muddatli ijara) shartnomasiga nisbatan, agar shartnomada boshqa hol nazarda tutilgan bo‘lmasa, ushbu Kodeks 606-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlarida, 609-moddasida, ushbu moddaning uchinchi qismida, 613 va 614-moddalarida nazarda tutilgan qoidalar qo‘llanmaydi. Ijaraga oluvchi yangi muddatga shartnoma tuzishda imtiyozli huquqqa ega.

Agar ijaraga beruvchi uy-joyni bir yildan kam bo‘lmagan muddatda ijaraga bermaslikka qaror qilgan bo‘lsa, u yangi muddatga shartnoma tuzishni rad qilishga haqli.  

–Ijara shartnomasi qaysi hollarda bekor bo‘ladi?  

–Uy-joyni ijaraga berish shartnomasi taraflarning kelishuvi bilan bekor qilinadi.  

Uy-joyni ijaraga oluvchi o‘zi bilan birga doimiy yashaydigan boshqa fuqarolarning roziligi bilan ijaraga beruvchini uch oy avval yozma ravishda ogohlantirib, istalgan vaqtda ijara shartnomasini bekor qilishga haqli.  

Uy-joyni ijaraga berish shartnomasi, agar shartnomada uzoqroq muddat belgilangan bo‘lmasa, ijaraga oluvchi tomonidan uy-joy uchun olti oy mobaynida, qisqa muddatli ijarada esa shartnomada belgilangan haq to‘lash muddati o‘tganidan keyin ikki martadan ko‘proq haq to‘lanmagan bo‘lsa, ijaraga oluvchi yoki xatti-harakatlari uchun ijaraga oluvchi javobgar bo‘lgan boshqa fuqarolar tomonidan uy-joy vayron qilinsa yoki unga putur yetkazilsa, uy-joydan g‘ayrihuquqiy qilmishlarni sodir etish uchun foydalanilgan bo‘lsa, ijaraga beruvchining talabiga binoan sud tartibida bekor qilinishi mumkin.  

Uy-joyni ijaraga berish shartnomasi, agar uy-joy doimiy yashash uchun yaroqli bo‘lmay qolsa, shuningdek, avariya holatiga kelib qolsa, uy-joy to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollarda shartnomadagi istalgan tarafning talabiga binoan sud tartibida bekor qilinishi mumkin.  

Agar uy-joyni ijaraga oluvchi yoki xatti-harakatlari uchun ijaraga oluvchi javobgar bo‘lgan boshqa fuqarolar uy-joydan uning vazifasiga binoan foydalanmasalar yoxud muntazam ravishda qo‘shnilarning huquqlari va manfaatlarini buzsalar, ijaraga beruvchi ijaraga oluvchini qoidabuzarliklarga barham berish zarurligi to‘g‘risida ogohlantirishi mumkin.  

Agar ijaraga oluvchi yoki xatti-harakatlari uchun ijaraga oluvchi javobgar bo‘lgan boshqa fuqarolar ogohlantirish olganlaridan keyin ham uy-joydan uning vazifasiga binoan foydalanmaslikni yoki qo‘shnilarning huquq va manfaatlarini buzishni davom ettirsalar, ijaraga beruvchi uy-joyni ijaraga berish shartnomasini sud tartibida bekor qilishga haqli.  

Uy-joyni ijaraga berish shartnomasini bekor qilish uchun asos bo‘lgan qoidabuzarliklarga barham berish tartibi va muddatlari qonun bilan belgilab qo‘yiladi.  

Yuqoridagilardan shuni ko‘rishimiz mumkinki, Ijara shartnomasi asosida ijaraga oluvchi ijara shartnomasi va Fuqarolik kodeksi 615-moddasida ko‘rsatilgan ijara shartnomasini bekor qiluvchi harakatlar sodir etsa ham, ijaraga beruvchi tomonidan shartnomani bekor qilish uchun sudga murojaat qilishi lozim.

Ya’ni, sizni hech kim ijara shartnomasi sud tomonidan bekor qilinmaguncha yoki ijara shartnomasining muddati tugamaguncha uydan chiqarib yuborishga haqli emas.  

Gulnoza Boboyeva, O‘zA