Yuridik klinika
– Savol: Yaqinda notariusda oldi-sotdi shartnoma asosida uy sotib olgandik. Sotib olingan uyni nomimizga rasmiylashtirish uchun Kadastr hujjatlarini yagona darchaga topshirdik. Hujjatlar yagona darcha tomonidan qabul qilinmadi. Sababi uyning avvalgi egasiga "zapret" qo‘yilgan ekan. MIB uyni avvalgi egalari kelib hal qilishi kerak, dedi. Lekin avvalgi egalar borishdan bosh tortyapti. Bu vaziyatda biz nima qilishimiz mumkin?
– Javob: Amaldagi tartibga ko‘ra, taqiq yoki xatlovning mavjudligi ko‘chmas mulk obektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad qilishga asos bo‘ladi. Ko‘chmas mulk obektlarini Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda yuridik va jismoniy shaxslarning ko‘chmas mulk obektiga nisbatan qaysi vakolatli organ (notarius, majburiy ijro byurosi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va b.) tomonidan, qanday asoslarga ko‘ra taqiq yoki xatlov qo‘yilganligini aniqlash imkoniyati yaratilgan.
Demak, xulosa qiladigan bo‘lsak, uyning avvalgi egasi taqiqni olib tashlash uchun hududiy Yer resurslari va davlat kadastr boshqarmasiga yoki hududiy davlat xizmatlar markaziga murojaat qilgan xolda taqiq qo‘yishga asos bo‘lgan omillarni bartaraf etishi lozim, chunki taqiq aynan mulkning avvalgi egasiga qo‘yilgan.
Ushbu material TDYUUning "Yuridik klinika"si talabalari tomonidan o‘qituvchilar nazorati ostida tayyorlandi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA