Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qayroq va Javpayada bunyodkorlik nafasi
15:30 / 2023-05-25

Insonning qo‘li gul deb bejizga aytishmaydi. Bugun Farg‘ona viloyatining So‘x tumanidagi Qayroq va Javpaya massivida bo‘lgan kishi bunga yaqqol guvoh bo‘ladi. Qaqrab yotgan yerlar o‘zlashtirilib, bunyodkorlik, yangi hayot nafasi kezmoqda.

O‘zlashtirilayotgan yerlarda malina plantatsiyasi barpo etish jarayonlari jadallashmoqda.  

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov viloyat sektorlari rahbarlari bilan birga Qayroq massivida bo‘lib, hududda o‘zlashtirilayotgan yerlarda malina plantatsiyasi barpo etish jarayonini ko‘zdan kechirdi.  

2022 yilda hududda ikki ko‘tarmali “Qayroq” nasos stansiyasi qurilib, 211 metr balandlikka obihayot chiqarildi. Natijada Qayroq massividagi 1 ming 440 gektardan ziyod yaylov yerlar o‘zlashtirilib, foydalanishga kiritish imkoni yaratildi.

Hozirda o‘zlashtirilayotgan maydonning dastlabki 200 gektarida malina plantatsiyasi uchun maydon hozirlash ishlari yakuniy bosqichga kirdi.

Viloyat hokimi mazkur hududda olib borilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirdi. Hududni tomchilatib sug‘orish tizimiga kiruvchi hovuzning qurilish ishlarini qisqa muddatlarda yakunlash bo‘yicha mas’ullarga vazifalar yukladi. Shuningdek, malina plantatsiyasi uchun ajratilgan maydonda haydov ishlarini jadal olib borish, malina qator oralariga kechki tarvuz urug‘ini ekishga joy hozirlash yuzasidan ham ko‘rsatmalar berildi.

[gallery-12054]

Javpaya massividagi o‘zlashtirilayotgan yangi yer maydonlarida intensiv o‘rikzor tashkil etildi. Hozirgi kunda birinchi bosqichda 230 gektar yerga xorijdan keltirib ekilgan o‘rik ko‘chatlari kurtak otdi. Hududda tomchilab sug‘orish tizimi o‘rnatildi. Yangi o‘rikzor 50 sotixdan lotlarga ajratilib, kooperatsiya usulida mahalliy aholiga, ishsiz yoshlarga ajratib berildi. Hozirda o‘rik qatorlari oralariga ekilgan loviyalar avj urib o‘smoqda, shu bilan birga oliy navli oshqovoq urug‘i ekishga kirishilmoqda.

“G‘aznov” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Zikrixon Qo‘shoqova ham mazkur o‘rikzordan 50 sotix olishi hisobiga oilasining 6 nafar a’zosi band bo‘ldi. O‘rik oralariga ekilgan loviya ko‘kka bo‘y cho‘zmoqda.  

Viloyat hokimi bilan suhbatda ham Zikrixon opa davlatimiz rahbarining e’tiborlari bilan tumanda ulkan ishlar amalga oshirilayotganligi va bundan hudud aholisi mamnun bo‘lib, mehnat qilish evaziga doimiy daromad manbaiga ega bo‘lish imkoniyati yaratilganligini ta’kidladi. Shu joyda yer egasiga aylangan aholi vakillari hamda mas’ullar ishtirokida muhokama muloqoti ham o‘tkazildi. Yerlarda haydov ishlarini jadal olib borish, har bir ko‘chatni pastki qismidagi barglaridan tozalash, o‘rik qator oralariga oshqovoq ekish kabi ishlarni hamjihatlik bilan vaqt yo‘qotmasdan qisqa muddatlarda amalga oshirish, yakuniy hosilga baraka berishi va pirovardida oilalar byudjetiga bu yildanoq sezilarli daromad olib kelishi qayd etildi.  

 

 

M.Sulaymonov,

O‘zA  muxbiri

M.Qodirov olgan surat