Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qayiqlar tantanali ravishda topshirildi
11:25 / 2025-06-03

Sirdaryo viloyatida suv sportining “Rowing & Canoe” yo‘nalishi bilan shug‘ullanuvchi yoshlar soni sezilarli darajada oshmoqda. Buni viloyatda ushbu sport turini rivojlantirish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar, yaratilayotgan shart-sharoit va imkoniyatlar bilan izohlash mumkin. Eng asosiysi, bunday e’tibor va qo‘llab-quvvatlash tufayli akademik eshkak eshish bo‘yicha o‘tkazilayotgan turli musobaqalarda ishtirok etib, nafaqat Sirdaryo viloyati, balki yurtimiz sharafini munosib himoya qilayotgan sportchilar soni oshib bormoqda.

Ushbu sport turi bilan shug‘ullanuvchi yoshlar bilan uchrashish, yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishish, sportchilarning tayyorgarlik jarayonlarini o‘rganish maqsadida Sirdaryo viloyatiga O‘zbekiston “Rowing & Canoe” federatsiyasi bosh kotibi Didrix Vyacheslav Sergeyevich tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida Guliston Olimpiya va Paralimpiya zaxiralari markazida Sport boshqarmasi hamda markaz mas’ullari ishtirokida maxsus uchrashuv tashkil etildi. Unda suv sportining “Rowing & Canoe” turini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, akademik eshkak eshuvchilar uchun yaratilgan sharoitlar, Guliston shahrida zamonaviy talablarga javob beradigan yirik suv sporti markazini tashkil etish, shuningdek, joriy yilning o‘zida Sirdaryo viloyatida Respublika miqyosida baydarka va kanoe bo‘yicha musobaqa o‘tkazish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Shundan so‘ng mehmon Sirdaryo viloyati Sport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Buranov hamrohligida Guliston shahrida joylashgan baydarka va kanoe sport turlari bazasida bo‘lib, sportchilar uchun yaratilgan infratuzilma, inventarlar, trenajyorlar va mashg‘ulot hududlari bilan yaqindan tanishdi va mavjud imkoniyatlar hamda sportchilarning tayyorgarlik jarayonlarini yuqori baholadi.

Eng quvonarlisi,  federatsiya bosh kotibi Guliston Olimpiya va Paralimpiya zaxiralari markazi, Viloyat suv sporti maktabi, Yangiyer va Shirin shaharlari hamda Boyovut tumanidagi 1- va 2-sonli bolalar-o‘smirlar sport maktablariga jami 22 dona, umumiy qiymati 4,5 milliard so‘mlik akademik eshkak eshish qayiqlarini tantanali ravishda topshirdi.

Bu esa sirdaryolik suv sportchilari, xususan, akademik eshkak eshuvchilar uchun munosib tuhfa bo‘ldi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri