So‘nggi yillarda O‘zbekistonda iste’mol madaniyati jadal sur’atlarda o‘zgarib bormoqda. Aholining xarid qilishdagi odatlari, mahsulotga bo‘lgan talab, narx va sifatga nisbatan munosabati yangi bosqichga chiqmoqda. Ayniqsa, supermarketlar tarmog‘ining kengayishi bilan bu jarayon yanada rivojlanyapti. Biroq, hanuzgacha ko‘pchilikda “supermarket qimmat”, “bozorda arzon” degan stereotiplar saqlanib qolmoqda. Haqiqat esa bundan ko‘ra murakkabroq va tahlilga loyiq.
Supermarketlar tarmog‘i bugungi kunda O‘zbekistondagi eng yirik va ishonchli chakana savdo tarmoqlaridan biri. Uning qulayliklari shundaki, har bir mahsulotning narxi aniq ko‘rsatilgan, aldov ehtimoli yo‘q va mahsulotlar yaroqlilik muddatiga rioya qilingan holda taqdim etiladi. Tozalik va tartib ham alohida ahamiyatga ega. Sanitariya talablariga javob beruvchi savdo muhiti yaratilgan. Qolaversa, kartalar orqali to‘lov qilish imkoniyati ham bor. Bunda plastik, QR va boshqa to‘lov tizimlari mavjud. Chegirmalar va aksiya kunlari tashkil etilgan bo‘lib, haftalik dasturlar orqali ko‘plab mahsulotlar arzonlashtiriladi. Oila uchun xavfsiz muhit ham yaratilgan. Bolali oilalar bemalol xarid qilishlari mumkin, navbatlar tartibli, xodimlarning xizmat ko‘rsatish sifati yuqori. Bundan tashqari, supermarketlarda mahalliy va import mahsulotlar orasidan tanlov qilish, ekologik toza, diyetik mahsulotlarni topish ham oson.

Ammo supermarketlar mamlakatimizning barcha nuqtalarida ham mavjud emas. Bu poytaxt va shahar markazlarida yashamaydiganlar uchun xarid qilish imkonini cheklaydi.
An’anaviy bozorlar esa xalqimizning savdo-sotiqdagi ko‘p asrlik tajribasining ramzi. Bozorning o‘ziga xos afzalliklari bor. An’anaviy bozorlarimizda narx borasida kelishish imkoniyati mavjud. Xaridor va sotuvchi o‘rtasidagi muloqot narxni muhokama qilish imkonini beradi. Qolaversa, fermer va dehqonning bog‘idan uzilgan sabzavot-mevalar bozor orqali iste’molchiga yetib boradi. Bozorlar milliy madaniyatimiz, xalqona muloqot va savdolashuv muhitini ifodalaydi.
Biroq, bozorlar hamma vaqt ham ideal emas. Ba’zan quyidagi muammolar ko‘zga tashlanadi. Misol uchun, ayrim rastalarda mahsulotga narx yozilmagan bo‘ladi va xaridorda biroz noaniqlik keltirib chiqaradi. Ba’zi mahsulotlar yaroqsiz yoki shikastlangan holatda bo‘lishi mumkin. Sifat kafolati aynan mavjud emas – mahsulotning qayerdan kelgani, qanday saqlanganini bilish noma’lum. To‘lov tizimlari aksar hollarda cheklangan va plastik karta orqali to‘lash imkoniyati kam.
Eng e’tiborlisi, bozorlarda ba’zida zamonaviy talabga javob bermaydigan mahsulotlar ham uchraydi. Xususan, sog‘lom ovqatlanish, bolalar uchun maxsus mahsulotlar yoki ekologik toza tovarlar topilishi cheklangan.
Ko‘pchilikda supermarketlarda “qimmat” degan tasavvur bor. Bu qisman to‘g‘ri – ayrim import mahsulotlar bozordagidan yuqoriroq narxda bo‘lishi mumkin. Ammo bu narxning orqasida xizmat sifati, saqlash sharoitlari, yaroqlilik muddati va yetkazib berish tizimi turadi. Bundan tashqari, supermarketlarda arzon mahsulotlar ham mavjud. Masalan, non, tuxum, guruch, ayrim mevalar yoki mahalliy ishlab chiqarilgan konserva mahsulotlari ba’zida bozordagidan ham arzon bo‘ladi. Chegirmali mahsulotlar bozor bilan raqobatlasha oladi.
Asosiysi vaqt tejaladi – mahsulot izlash, narx so‘rash, savdolashish kabi jarayonlar yo‘q. Demak, narx masalasi har doim ham bozor foydasiga ishlamaydi. Bu yerda xaridor o‘z tanloviga, ustuvorliklariga, ishonchga va qulaylikka qarab qaror qabul qiladi.
Xarid qilish faqatgina arzon mahsulotni topish emas. Bu – vaqtni tejash, sifatni kafolatlash, sog‘liqni asrash, xizmat darajasini tanlash va eng asosiysi, ongli iste’mol qilish degani. Supermarket va bozor – har biri o‘z o‘rniga ega. Biri zamonaviy xizmatlar bilan afzallik bersa, boshqasi milliylik bilan ahamiyatli.
Bugun iste’molchi tanlov qiladi. Tanlov esa ongli va mas’uliyatli bo‘lishi kerak.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA