French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qatrada olamning aksi bor
18:10 / 2024-09-18

_

O‘tgan kunlarimdan emasman xafa,  

U kunlar men uchun mo‘’tabar, aziz.  

O‘tgan kunlarimni eslab har daf’a,  

Xayolga tolaman, o‘ylayman yolg‘iz:  

 

U kunlar bo‘lmasa ko‘ngil to‘lmasdi,  

Bilmasdik, nimadir shodlik bilan g‘am.  

U kunlar bo‘lmasa, bu kun bo‘lmasdi,  

Bu kunning qadriga yetmas edik ham.  

Inson bugunning qadriga yetishi uchun kechagi kunlariga bir nazar solsa, bas. Nazar solmoq va o‘tgan kunlarga ta’rif bermoq mahoratini esa iste’dod sohiblari o‘z qalbidan o‘tkazib, betimsol so‘zlar bilan yuraklarga yetkaza oladi.    

Yuqorida keltirilgan “O‘tgan kunlar” nomli ijod mahsuli muallifi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, ijodkor Olimjon Xoldor mana shunday iste’dod sohibi sifatida qalam tebratdi.  

1932 yil 18 sentyabrda Andijonning Buloqboshi tumanidagi Kulla qishlog‘ida tug‘ilgan ijodkor viloyat pedagogika bilim yurtida, Farg‘ona Davlat pedagogika institutida tahsil oldi. Faoliyatini maktabda o‘qituvchi sifatida boshlab, Andijon viloyat radiosida muharrir, jurnal va gazetalarda muxbir bo‘lib ishladi. 1968-1983 yillarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Andijon viloyat bo‘limiga rahbarlik qildi.  

Olimjon Xoldorning “Arg‘uvon tagida” nomli birinchi she’rlar kitobi  ustoz Mirtemir tahriri ostida 1965 yilda chop etildi. Shundan so‘ng uning “Andijon suluvi”, “Oshiqona”, “Kaftimdagi tuproq”, “Andijon bahori”, “Subhidam qo‘shiqlari”, “Kumush kosa”, “To‘yona-to‘yona”, “Yer farzandi”, “Senga intilaman” kabi ko‘plab kitoblari chop etildi.  

Shuningdek, “Men ‒ Andijonman”, “Andijon samosi”, “Kelajakdan bir sado”, “Subhidam qo‘shiqlari”, “Gulruxsor”, “Kumush kosa”, “Karvon qo‘shig‘i”, “Roz” nomli liro-epik asarlari ham e’lon qilindi.  

Olimjon Xoldorning ko‘plab g‘azallari qo‘shiq qilib aytildi, “Qotil kim?”, “Sevgi afsonasi”, “Lola”, “Boboruh” kabi pesalari sahnalashtirilgan.  

Olimjon Xoldor mustaqillik yillarida yanada barakali ijod qilib, “Ko‘ngil” qissasi, uch kitobdan iborat “Arosat” romani va “Mo‘’jiza” kabi asarlarini yaratdi.  

Ijodkorning birgina qatra she’rini o‘qir ekansiz, insonning asl yaratilishi va olamning birgina qatrada jam bo‘lishini mahorat bilan ta’riflagan.  

Qatra  

Qatrada olamning aksi bor,  

Qatrada hayotning mazmuni.  

Qatrada shamolning raqsi bor,  

Qatrada umrning har kuni.  

 

Sevinchu, alamu, shodlik, g‘am,  

Qatrada yaralmish odam ham.  

Abdulaziz RUSTAMOV tayyorladi, O‘zA