Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qat’iyat izidagi hayot – temir yo‘lchi hayoti
15:15 / 2025-07-29

Sultonmurod Mansurov mehnat faoliyatini temir yo‘l va temiryo‘lchilar bilan bog‘laganiga ham 30 yildan ortiq vaqt o‘tibdi. U o‘tgan davr mobaynida tajribali mutaxassislarga shogird tushib, ularning o‘gitlariga amal qildi. Bugun esa o‘zi ustoz – har kuni atrofi shogirdlar bilan gavjum. Markaziy kon boshqarmasi tasarrufidagi yirik va eng muhim bo‘linmalardan biri hisoblangan Temir yo‘l transporti boshqarmasi ishchi-xodimlariga o‘z tajribasini o‘rtoqlashadi, bilganlarini o‘rgatadi.

– Inson tanlagan kasbini yaxshi ko‘rsa, u har kun ertalab ishga yaxshi kayfiyatda keladi. Bajarayotgan ishi unga zavq, shijoat hamda ma’naviy kuch beradi. Hech qachon bajarayotgan ishidan charchamaydi, – deydi Sultonmurod Mansurov.

Qahramonimiz asli samarqandlik. U Samarqand viloyatining Oqdaryo tumanida tug‘ilgan. Otasi Qurbonmurod Mansurov mahallada ishchi, onasi Toshturdi Bobomurodova esa maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlagan. Oilaning to‘ng‘ich farzandi bo‘lganligi bois aksariyat yumushlar uning zimmasida edi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, u yoshligidan har bir ishga alohida mas’uliyat bilan yondashishga odatlangan. 

– Tanlagan kasbim menga nafaqat kuchli bo‘lishni, balki sabr-toqatli va matonatli bo‘lishni ham o‘rgatdi, – deydi Sultonmurod Mansurov. – Ba’zida har qanday ob-havo sharoitida yoki sodir bo‘lgan turli vaziyatlarda ham topshirilgan vazifani bajarishga to‘g‘ri keladi. Ish vaqti tugasada, bajarishim kerak bo‘lgan ishimni yakunlamasam, uyga ketishga oshiqmayman. 

1994 yilda Toshkent temir yo‘l muhandislari institutini tugatgan qahramonimiz ilk ish faoliyatini Markaziy kon boshqarmasining Temir yo‘l transporti boshqarmasi Ekspluatatsiya xizmatida poyezd tuzuvchisi vazifasidan boshladi. O‘tgan davr mobaynida shu korxonada turli vazifalarda ishlab yetarlicha bilim va tajriba orttirdi. 2004 yilda Ekspluatatsiya xizmati stansiya boshlig‘i, 2022 yilda boshqarma bosh muhandisi, 2024 yildan boshlab esa boshqarma boshlig‘i lavozimida mehnat qilib kelmoqda. 

Bugun uning bevosita rahbarligida mavjud temir yo‘llar rekonstruksiya qilinishi bilan birga, yangi temir yo‘l po‘lat izlari ham yotqizilmoqda. Yangidan-yangi loyihalar amalga oshirilmoqda.

 – So‘nggi ikki yilda temir yo‘llar qurish, mavjud liniyalarni rekonstruksiya qilish, yuk hamda yo‘lovchi tashish transportini modernizatsiyalash bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirildi, – deydi S.Mansurov. – 2017-2025 yillar mobaynida mahalliylashtirish dasturi bo‘yicha jami 97 ta vagonning xizmat muddati uzaytirilib, qariyb 59 milliard so‘m mablag‘ iqtisod qilinishiga erishildi. Ushbu vagonlar bugungi kunda Temir Yo‘l transporti boshqarmasida muvaffaqiyatli foydalanilmoqda va buning natijasida vagonlarni navbatdan tashqari ta’mirlash ishlariga jalb etilishi oldingi yillarga nisbatan qariyb 70 foizga qisqardi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. 2025 yilda “NKMK” AJ balansidagi barcha temir yo‘l va strelkali o‘tkazgichlarni rejali kapital ta’mirlash hamda yangidan qurish ishlarini sifatli va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash maqsadida Yo‘l xizmati negizida “Yo‘llarni kapital va o‘rta ta’mirlash” uchastkasi tashkil etilib, 20 nafar qo‘shimcha ishchi o‘rni yaratildi.

Sultonmurod Mansurov nafaqat ishda, balki farzandlari tarbiyasida ham o‘ta talabchan. Uzoq yillardan buyon Zarafshon shahridagi 10-umumta’lim maktabida yoshlarga ta’lim-tarbiya berib kelayotgan Feruza opa Abdusoliyeva bilan 1 o‘g‘il va 2 qizni ilmli, jamiyatga kerakli shaxslar qilib tarbiyalashdi. Ayni vaqtda qizlari Nargiza onasi kasbini tanlagan bo‘lsa, o‘g‘illari Jo‘rabek va oila kenjatoyi Sabina Samarqand tibbiyot universitetida tahsil olmoqda. 

Yurtimizda uzoq va samarali mehnat doimo e’zozlangan, alohida e’tirof etib kelinadi. S.Mansurovning ham mehnatlari munosib baholanib, u 2021 yilda 3-darajali “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri