Elchi Ashraf Xodjayev Qatar va Yaqin Sharqda ko‘zga ko‘ringan tadbirkorlardan biri, “Al Faysal Xolding” asoschisi va raisi Shayx Faysal Bin Qosim Bin Faysal Ol Soniy bilan uchrashdi. Muloqot chog‘ida Shayx Faysal madaniy meros, adabiyot va tarix to‘g‘risidagi mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
– Shayx Faysal yaqin orada O‘zbekistonga va tarixiy shaharlarimizga tashrif buyurish taklifini mamnuniyat bilan qabul qildi, – dedi diplomat. – Mashhur tadbirkor elchixonamizga o‘zining “Qatar mening ko‘zlarim bilan” kitobini dastxati bilan taqdim etdi. Biz uning mamlakatlarimiz o‘rtasidagi sarmoyaviy va madaniy aloqani rivojlantirishga hissa qo‘shish maqsadidagi tashrifini intiqlik bilan kutamiz.
Ma’lumki, Shayx Faysal Bin Qosim Ol Soniy, mintaqadagi eng istiqbolli tadbirkorlardan biri bo‘lib, mahalliy, mintaqaviy va xalqaro miqyosda sifat jihatidan yuqori obro‘ga ega kompaniyaning diversifikatsiyalangan biznes portfelini muvaffaqiyatli yarata olgan.
Jamoa sakkiz klaster doirasida mulk, mehmonxona va savdo, ta’lim, madaniyat, dam olish, xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarish sohalaridagi 50 dan ortiq kompaniyani birlashtirgan.
Muharrama Pirmatova, O‘zA