O‘zbekiston Respublikasi va Qatar davlati madaniyat vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik kelishuviga muvofiq, qatarlik bir guruh yoshlarning mamlakatimizga sayohati tashkil etildi.
Bir haftalik sayohat dasturi bo‘yicha dastlab Toshkent shahrida bo‘lgan mehmonlar bugun Samarqandga kelib, shaharning diqqatga sazovor joylarini tomosha qildi.
[gallery-16934]
– O‘zbekistonga sayohatimiz juda ajoyib o‘tmoqda, – deydi Qatar davlati madaniyat vazirligi vakili, guruh rahbari G‘anim Abdulrahmon al-Kuvari. – Biz o‘quvchi- yoshlarimizni turli davlatlarga sayohatga olib borib, o‘zga xalqlar tarixi, madaniyati, boy madaniy merosi bilan yaqindan tanishtirishga harakat qilamiz. Madaniy aloqalar mustahkam bo‘lsa, boshqa yo‘nalishlardagi hamkorlik ham rivojlanadi. Shu asosda biz ushbu sayohatni tashkil etdik. O‘zbekiston o‘quvchilarimizga juda yoqdi. Axir, bu zaminda ne-ne ulug‘ allomalar, buyuk zotlar kamolga yetgan. Dunyo tan olgan olim Mirzo Ulug‘bekning samoviy tadqiqotlari amalga oshirilgan maskanga qadam qo‘yish, uning tarixi bilan tanishish har qanday yoshni ilmga, o‘qish va o‘rganishga undaydi.
Safar davomida mehmonlar Mirzo Ulug‘bek observatoriyasi bilan birga Registon maydoni, “Samarqand-Buxoro ipak gilami” xorijiy korxonasi va bir qancha diqqatga sazovor joylarda bo‘lib, madaniyatimiz, tariximiz bilan bog‘liq muhim ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
Qatarlik yoshlarning mamlakatimiz bilan tanishuv sayohati 19-aprelga qadar davom etadi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari