Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qatarda ta’lim bo‘yicha xalqaro anjuman o‘tkazildi
15:44 / 2024-09-11

QNA axborot agentligi yozishicha, Qatarda “Ta’lim hamma narsadan ustun” jamg‘armasiga asos solinganining besh yilligi tantanali nishonlandi. Marosim doirasida Milliy anjumanlar markazida bo‘lib o‘tgan “Xavf ostidagi ta’lim: urushning insoniy bahosi” mavzusidagi davra suhbatida turli davlatlardan taniqli arboblar to‘plandi.

Mamlakat ommaviy axborot vositalari Ta’limni tajovuzdan muhofaza qilish xalqaro kuni munosabati bilan uyushtirilgan anjumanda O‘zbekiston Prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva ham ishtirok etganiga alohida e’tibor qaratgan.

– O‘zbekiston ta’lim sifatiga, ayniqsa qizlar va ayollarning chuqur bilim egallashiga urg‘u bermoqda, – dedi Saida Mirziyoyeva ushbu nufuzli tadbirga taklif qilgani uchun Qatar davlati ta’lim, fan va ijtimoiy taraqqiyot jamg‘armasi – Qatar Foundation rahbari, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Barqaror rivojlanish maqsadlari tarafdorlari guruhi a’zosi Shayxa Moza Bint Nosir Al-Misnadga minnatdorlik bildirarkan. – Bu masalada yurtimiz sarhadlari bilan cheklanib qolayotganimiz yo‘q. 2018 yil davlat yetakchisi tashabbusi bilan Termiz shahrida kasb-hunar ta’limi markazi ochildi. Hozirgacha bu maskanda 700 ga yaqin Afg‘oniston fuqarosi, jumladan 200 nafar xotin-qiz tahsil oldi. Qardosh qo‘shni o‘lka ayollari uchun bu juda muhim. Zero, mamlakatda ona va bola salomatligini muhofaza qilish sohasida malakali tibbiy kadrlar yetishmovchiligi mavjud. Biz gumanitar inqirozning oldini olish uchun afg‘onistonlik qizlar va ayollarni zaruriy kasblarga o‘qitish bo‘yicha ishlarni davom ettiramiz. Qatar hukumati va “Education Above All” jamg‘armasi bo‘lsa, bu borada bizga yordam berishga shay. Mavjud vaziyatni inobatga olsak, vazifani uddalash hech bir tomon uchun oson kechmaydi. Eng muhimi, bu yo‘lda bor imkoniyatimiz, kuch-quvvatimizni ishga solishga tayyormiz. Xotin-qizlarni himoya qilishning eng yaxshi yo‘li – ular ta’lim olish imkoniyatidan emin-erkin foydalanishiga erishishdir.

Forum ishtirokchilari Shayxa Moza Bint Nosirning 25 dan ortiq davlatni qamrab olgan ziddiyatli hududlardagi ulkan sa’y-harakati, samarali tashabbuslarini e’tirof etishdi.

Ta’lim jamiyatning farovon kelajagi, inson xarakterini shakllantirish garovi, yuksalish va taraqqiyot tayanchi ekani qayd etildi.

Muharrama Pirmatova, O‘zA