Qatar universiteti Jahon chempionati paytida talabalar yotoqxonasidagi Argentina terma jamoasi sardori Lionel Messi yashagan xonani muzey qilishga qaror qildi. TASS agentligining yozishicha, bu haqda universitet matbuot xizmati ma’lum qilgan.
Qatarda joriy yilning 20 noyabridan to 18 dekabrigacha futbol bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. Musobaqa g‘olibligi Argentina terma jamoasiga nasib etdi.
«Qatar universiteti futbol bo‘yicha jahon chempionati paytida Argentina terma jamoasi o‘yinchisi Lionel Messi yashagan xonani mini-muzeyga ajratgani haqida e’lon qiladi», – deyiladi xabarda.
Universitetning jamoatchilik bilan aloqalar departamenti direktori Xitmi al-Xitmining «Ash-Sharq» gazetasiga bergan ma’lumotida keltirilishicha, xona Messi qanday yashagan bo‘lsa, shu holda saqlanadi va ziyoratchilar uchun ochiq bo‘ladi. «Messi xonasi kichkina muzeyga aylantiriladi, xonada uning buyumlari saqlanadi va talabalar hamda kelgusi avlod uchun meros bo‘ladi», — degan u.
Qatar universiteti 1973 yilda kollej sifatida ochilgan edi. Ta’lim maskani Doxaning shimoliy chekkasida joylashgan. Universitetga yaqin joyda ochiq dalada talabalar shaharchasi ham mavjud. Shaharcha o‘zining 10 ming kishi sig‘adigan futbol maydoniga ham ega.
Messi 35 yoshda, u Qatarda bo‘lib o‘tgan futbol bo‘yicha jahon chempionatida Argentina terma jamoasi tarkibida chempionlikni qo‘lga kiritdi. Messi 2021 yilda Amerika Kubogini ham qo‘lga kiritgan, 2014 yilda esa jahon chempionatining kumush medaliga sazovor bo‘lgandi. Messi Argentina terma jamoasida o‘ynab, raqib jamoasiga jami 98 ta to‘p kiritgan, shu bois u milliy jamoa tarixida eng yaxshi to‘purar hisoblanadi.
Lionel Messi hozir Fransiyaning PSJ klubida to‘p surmoqda. 2003-2021yillarda u «Barselona» klubida o‘ynagan va o‘n marotaba Ispaniya chempioni bo‘lgan, yetti marotaba Ispaniya superkubogining g‘olibi bo‘ldi, to‘rt marotaba Chempionlar ligasida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan, UEFA Superkubogini ham bir necha bor qo‘lga kiritgan. Hatto, klublar bo‘yicha jahon chempionatida ham bosh sovrinni olgan. 2021 yilda Messi yilning eng yaxshi o‘yinchisiga beriladigan «Oltin to‘p»ga hammadan ko‘p, ya’ni yettinchi bor ega bo‘ldi.