Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qatar. Syurprizlar davom etadi...mi?
13:33 / 2022-12-14

Kecha “JCH-2022” yarim finalida Argentina Xorvatiyani 3:0 hisobida mag‘lub etdi.

FIFA rasmiy sayti Lionel Messi matchning eng yaxshi futbolchisi, deb topilganini yozdi.Janubiy Amerika jamoasining dongdor hujumchisi o‘z termasi tarkibida shu yilning o‘zida 16 gol urib, shaxsiy rekordini o‘rnatdi. U rosa o‘n yil avval raqiblarini 12 bor ranjitgandi. 35 yoshli Messi, shuningdek, Xulian Alvaresga golli uzatma berdi va 2022 yildagi aniq paslarini 30 taga yetkazdi.   Bundan tashqari, mohir goleador mundiallarda 11 to‘p kiritib, to‘qqizta aniq uzatma amalga oshirishdi. Bu natijalari bilan “gol+aniq uzatma” bo‘yicha Miroslav Kloze (16+3), Ronaldo (15+4), Gerd Myuller (14+5) va Pele (12+7)dan o‘zib ketdi.

 

Messi Xorvatiya darvozasiga birinchi bo‘limda 11 metrlik jarimadan gol kiritib, bir jahon chempionatida 1/8, 1/4 va 1/2 final bosqichlarida gol urgan dunyodagi oltinchi futbolchiga aylandi. Ayni natajaga avval Salvatore Skilachchi (1990 yil), Roberto Badjo (1994), Xristo Stoichkov (1994), Davor Shuker (1998) va Uesli Sneyder (2010) erishgan.

Argentina jahon chempionatlarida oltinchi bor finalga chiqdi. Bu borada faqat Germaniya oldinda – sakkizta final. Italiya va Braziliya ham olti martadan eng oxirgi o‘yinni o‘tkazgan.

Argentina guruhda Polsha, Meksika va Saudiya Arabistoni jamoalari ichida birinchi o‘rinni egallab, pley-offda Avstraliya va Niderlandiyani yengdi.

Xorvatiya esa Marokash, Belgiya va Kanada guruhida ikkinchi o‘rin bilan keyingi bosqchiga chiqib, nimchorak finalda yaponlarni, chorak final o‘yinida sensatsiya qayd etib Braziliyani yendi.

Bugun Marokash-Fransiya o‘yini yarim final bosqichiga yakun yasaydi. Syurprizlar davom etadimi, bu kechqurun ma’lum bo‘ladi...

Fransiya olti ochko bilan guruhida Avstraliya, Tunis va Daniyani ortda qoldirgan. 1/8 finalda Polsha (3:1), keyin esa Angliya (2:1) to‘sig‘idan o‘tildi.

Marokash Xorvatiya, Belgiya va Kanada bilan bir guruhda o‘ynab, yetakchi sifatida turnirni davom ettirdi. Nimchorakda ispanlar, chorak finalda portugaliyaliklar dog‘da qoldirildi.

Marokashning “Royal Air Maroc” aviakompaniyasi qadrdon jamoani qo‘llab-quvvatlash maqsadida muxlislar uchun 30 ta maxsus reys tashkil qilyapti. Har bir samolyotda, taxminan, 300 nafardan yo‘lovchi bo‘lishi hisobga olinsa, Kasablankadan to‘qqiz ming tomoshabin ajoyib tomoshaga yetib kelishi kutilmoqda. Aviachipta narxi – 450 yevro.

Mundialga oid qisqa xabarlar.

Portugaliya hujumchisi Krishtianu Ronaldu milliy jamoada to‘p surishi haqida gapirdi. Fevral oyida 38 yoshga to‘ladigan futbolchi Fernandu Santush jamoaga rahbarlikni davom ettirsa ham kuch-quvvati yetguncha o‘ynash niyati borligini bildirdi.

1982 yildan boshlab, har jahon chempionati final bosqichida “Bavariya” va “Inter”dan kamida bir futbolchi ishtirok etgan. Qatar mundialida ham shunday holat kuzatildi. Xorvat Yosip Stanishich, fransuz Deotshankul Yupamekano, Kingsli Koman va Benjamin Pavar va marokashlik Nussayr Mazrauiy “Bavariya" o‘yinchilari. Xorvat Marselo Brozovich va argentinalik Lautaro Martines esa “Inter” klubidan.

Braziliyaning sobiq bosh murabbiyi Tite jamoasi Xorvatiyaga mag‘lub bo‘lgach, iste’foga chiqqdi. U yaqin orada yana murabbiylikka qaytishi mumkin, unga ikki terma jamoa va Yevropa qit’asining ikki klubidan taklif tushgan.

Tite 2016 yildan beri Braziliya jamoasini boshqargan. Avval mamlakatida ko‘plab klublar, shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklari jamoalari bilan ishlagan.

Joze Mourinoga Portugaliya jamoasini boshqarish taklifi keldi. U esa “Roma”dan ayrilmasdan terma jamoada ish olib borish bo‘yicha qarshi shart qo‘ydi.

Angliya futbolchilari Jon Stounz va Kayl Uolker Qatarda egasiz mushukka mehribonlik ko‘rsatdi va jonivorni Londonga olib ketishga qaror qildi. Ular mushukka Deyva ismini berishdi. Qatar hayvonlarni himoya qilish jamiyatiga 2 ming 300 yevro to‘lash evaziga mushukni mikrochiplash amaliyoti o‘tkazildi va Deyva viruslarga, jumladan, quturish kasalligiga qarshi emlandi. Endi qatarlik momiqni Buyuk Britaniyada yangi hayot tarzi kutadi.

Abror XON, O‘zA