Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qatar parlamenti vakillari quyi palata Spikeri bilan uchrashdi
15:19 / 2025-04-04

Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi doirasida mamlakatimizda bo‘lib turgan Qatar Davlati Sho‘ro Kengashi raisi Hasan bin Abdulloh al-G‘onim boshchiligidagi delegatsiya Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov bilan uchrashdi.

Uchrashuvda mamlakatlarimiz rahbarlarining siyosiy irodasi, sa’y-harakatlari va o‘zaro do‘stona munosabatlari natijasida ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani, oliy darajadagi faol siyosiy muloqotlar o‘zaro manfaatli iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqayotgani yuqori baholandi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2023 yil oktyabr oyida Qatarga amalga oshirgan davlat tashrifi hamda Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning 2023 yilda ikki marta O‘zbekistonga qilgan tashrifi davlatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlashda muhim omil bo‘layotgani alohida qayd etildi.

Muloqot davomida delegatsiya a’zolariga yangi tahrirdagi Konstitutsiya normalarini ro‘yobga chiqarish borasidagi sa’y-harakatlar hamda Qonunchilik palatasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi.

O‘z navbatida, Qatar Davlati Sho‘ro Kengashi raisi ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishda muhim omil bo‘lgan parlamentlararo hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash, shu yo‘nalishdagi muloqotlarni ko‘paytirish har tomonlama foydali ekanini qayd etdi.

Shuningdek, O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi tarixiy shartnoma imzolangani, Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan“Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti yuqori baholanib, qo‘llab-quvvatlandi.

Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda parlamentlararo aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarish, parlamentlararo do‘stlik guruhlari faoliyatini yanada jonlantirish lozimligi qayd etildi.

M.Komilova, O‘zA