Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qatar. FIFA jazo bermoqchi...
16:18 / 2022-11-28

Kecha Ispaniya va Germaniya 1:1 hisobidagi durangni qayd etdi. Olmoniyaliklar birinchi marta jahon chempionatining ilk ikki o‘yinida g‘alabaga erisholmay, aksil rekord o‘rnatishdi.

27 noyabr kuni Xorvatiya Kanada ustidan ishonchli (4:1) g‘alaba qozondi. Bu Shimoliy Amerika jamoasining guruhdan chiqish imkonini yo‘qqa chiqardi.

Baribir, Kanada o‘z tarixida birinchi marta o‘yinning ikkinchi daqiqasida raqib darvozasini ishg‘ol qilib, tarix yozdi. Avvalgi bahs Belgiyaga boy berilgan (0:1) edi. Bu jamoa ikki marta jahon chempionatida qatnashib, bor-yo‘g‘i besh o‘yin o‘tkazgan. Birinchi marta 1986 yil uch matchda birorta ham gol urolmagan.

Argentina sardori Lionel Messi Meksikaga qarshi 2:0 hisobidagi g‘alaba bilan tugagan o‘yinda bir gol urdi va natijador uzatmaga erishdi. Shu tariqa Messi besh mundialda qatnashib, besh marta golli uzatmasi bilan jahon chempionati tarixiga kirdi. Hozircha bu natija rekord hisoblanadi.

Messi «JCH-2006»da Serbiya va Chernogoriya (6:0), to‘rt yildan keyin Meksika (3:1), 2014 yil Shveysariya (1:0) va 2018 yil Fransiya bilan matchda (3:4) muvaffaqiyatli uzatma berishga erishgan. 35 yoshli yulduz jahon chempionatidagi birinchi o‘yinini 18 yoshida Serbiya va Chernogoriyaga qarshi o‘tkazib, ham gol urgan, ham samarali uzatma amalga oshirgan.

Yaponiya Qatarda intervyu olishga kelgan jurnalistlardan tibiy niqob taqishni so‘ragan yagona jamoa bo‘lib turibdi.

Serbiyaning Braziliya bilan matchi oldidan, kiyinish xonasida boshlangan muammo haliyam davom etmoqda. «Taslim bo‘lmaydi» yozuvi tushirilgan Serbiya bayrog‘ida Kosovo hududi chegaralari ham tasvirlangan edi. Ushbu hodisa yuzasidan FIFA surishtiruv boshlagan. Xalqaro tashkilotning Intizomiy kodeksi 11-moddasi haqoratli xulq-atvor, adolatli kurash chegarasini buzish, shuningdek sportga xos bo‘lmagan ma’noga ega atributlardan foydalanish to‘g‘risidagi bandlardan iborat. Kosovo futbol federatsiyasi serb futbolchilarining bu qilmishini tajovuzkor, deb hisoblab, FIFAdan vaziyatni nazoratga olish va aybdorlarni jazolashni so‘ragan.

Kamerun jamoasi o‘yinchisi Gael Ondua Shveysariya bilan matchning 68-daqiqasida maydonga tushdi. FIFA matbuot kotibi Jovanni Marti uning butsisiga Rossiya bayrog‘i tushirilgani haqida gapirdi. «Onduaning bu ishidan Intizomiy komissiya xabardor. O‘yinchi Kamerun va Rossiya fuqarosi. Bu yerda muammo ko‘rinmayapti», deya kotib bahsni to‘xtatishga chaqirdi.

Intizomiy jazo olgan Kamerun darvozaboni Andre Onana Serbiya bilan bo‘ladigan bugungi matchda ishtirok etmaydi. Jazoning sababi aytilmagan. Uning o‘rnini Devis Epassi egallaydi.

Abror XON, O‘zA