English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qatar Eronni keskin ogohlantirdi
10:09 / 2026-03-04

Qatar Tashqi ishlar vazirligi Eronning Dohaga yo‘llagan zarbalarini keskin qoralab, bu harakatlar “barcha qizil chiziqlarni bosib o‘tgani”ni ma’lum qildi.

Vazirlik vakili Majid al-Ansoriyning aytishicha, eronliklar faqat harbiy ob’ektlarga emas, balki butun mamlakat hududiga, jumladan Dohadagi aeroport va gaz infratuzilmalariga ham hujum qilgan. Shuningdek, Qatar havo hududiga kirgan ikki qiruvchi samolyot urib tushirilgan.

Al-Ansoriy bu hujum o‘lka suvereniteti, aholisi va milliy xavfsizligiga ochiq tahdid ekanini ta’kidlab, Dohaning javob qaytarish huquqi saqlanib qolishini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi asosiy vazifa Qatarda yashovchi 140 dan ortiq millat vakillarining xavfsizligini ta’minlashdir.

Qatar va Eron o‘rtasida hozircha muloqot kanallari ochiq emas. Vazirlik vakili mamlakat havo mudofaa tizimi har qanday yangi hujumni qaytarishga tayyor ekani, zarur miqdorda raketa va mudofaa vositalari mavjudligini urg‘uladi.

– Bunday hujumlar javobsiz qolmaydi va qolishi ham mumkin emas, –degan rasmiy.

Shu bilan birga, Eron zarbalari natijasida Qatarning suyultirilgan gaz (LNG) infratuzilmalari vaqtincha yopildi. Bu esa jahon iqtisodiyoti uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Ayni paytda Qatar havo hududi yopiq holda qolmoqda va ushbu davlat orqali uchishi kerak bo‘lgan 8 mingdan ortiq tranzit yo‘lovchi vaqtincha Qatarda qolib ketgan.

Musulmon Ziyo, O‘zA