Qatar poytaxti Doha shahrida futbol bo‘yicha Osiyo kubogining nimchorak final bosqichi davom etmoqda.
Mazkur bosqichda musobaqa mezboni Qatar Falastinga qarshi maydonga tushib, 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Shu tariqa, Qatar chorak finalga chiqdi. Ushbu bosqichda O‘zbekiston — Tailand terma jamoalari o‘yinida g‘olib bo‘lgan jamoa bilan raqobatlashadi. Osiyo kubogi nimchorak finalidan o‘rin olgan Iroq — Iordaniya bahsida 2:3 hisobi qayd etildi va Iordaniya chorak finalda Tojikiston bilan o‘ynaydigan bo‘ldi.
Osiyo kubogining kechagi uchrashuvlarida yuqoridagi natijalar qayd etildi. Endi esa e’tiborimizni bugungi bahslarga qaratamiz.
Bugun, 30 yanvar kuni 1/8 final bosqichi doirasida ikki uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Dastlab soat 16:30 da O‘zbekiston va Tailand chorak final bosqichiga chiqish uchun raqobatlashsa, 21:00 da Saudiya Arabistoni va Janubiy Koreya terma jamoalari o‘rtasidagi bahsga start beriladi. Albatta, biz uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan O‘zbekiston va Tailand uchrashuvi oldidan ayrim fikrlarni bildirib o‘tmoqchimiz.

Bo‘lajak o‘yin oldidan O‘zbekiston milliy terma jamoasi raqibi bo‘lgan Tailand qit’a kubogida eng kuchli, mustahkam himoya chizig‘iga ega. Guruh bosqichida qatnashgan 24 ta terma jamoa orasida faqatgina Qatar va Tailand termalari o‘z darvozalaridan birorta gol o‘tkazmagan edi. Yaponiyalik bosh murabbiy Masatada Isii qo‘l ostida ijobiy natija ko‘rsatayotgan tailandliklar mazkur qit’a chempionatida ham imkon qadar yaxshi natija qayd etishga jiddiy tayyorgarlik ko‘rganliklari o‘tkazilgan 3 o‘yin davomida o‘z isbotini topdi.
Ammo O‘zbekiston terma jamoasi garchi hujum chizig‘ida biroz muammolarga duch kelayotgan bo‘lsa-da, kubokning metin himoyaga ega bo‘lgan Tailand termasi darvozasiga yo‘l topish imkoniyatiga ega. Sababi, jamoamiz tarkibida iste’dodli, o‘yin tizginini qo‘lga oladigan futbolchilar bor. Raqib qanchalik jiddiy bo‘lmasin, Srechko Katanets qo‘l ostidagi terma jamoamizning ham ustunliklari talaygina.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyada so‘nggi o‘yinlarda ancha tartibli o‘yin namoyish etmoqda. Shu bois ham guruh bosqichida uch o‘yinda birgina penaltidan gol o‘tkazib yubordi. Ushbu holat esa barchamizning yodimizda va u shubhali tarzda amalga oshirilganiga ham guvohmiz. Nima bo‘lganda ham bizning futbolchilar musobaqada g‘olib chiqishga asosiy da’vogar va bugungi uchrashuvda ham ular albatta ishonchimizni oqlaydi.
Darvoqe, o‘z bag‘riga 40 ming tomoshabinni sig‘dira oladigan “Al Janub” stadionida o‘tadigan O‘zbekiston va Tailand o‘rtasidagi o‘yinga 22 ming 978 ta chipta sotilgani ma’lum bo‘ldi. Mazkur bahsda O‘zbekiston milliy terma jamoasi to‘liq oq libosda, darvozabonimiz esa qora libosda harakatlanadi. Shuningdek, uchrashuvni boshqarib boradigan hakamlar guruhi ham ma’lum. Bosh hakam malayziyalik Muhammad Nazmi bin Nasaruddin, unga qanotlarda hamyurtlari Muhammad Zairul hamda Arif Shamil yordam beradi. Zaxira hakami sifatida esa ummonlik Ahmad Abu Bakar Said al-Kaf ishlaydi.
Osiyo kubogi haqida yana bir xabar. Kutilmaganda musobaqa finali boshqa stadionda o‘tkaziladigan bo‘ldi. Musobaqa tashkilotchilari 10 fevral kungi bo‘lib o‘tadigan final bahsi “Al-Bayt”da o‘tkazilishini ma’lum qildi. Ushbu stadion 68 mingdan ortiq odamni o‘z bag‘riga sig‘dira oladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA