2036 yilgi yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarini o‘tkazishga da’vogar davlatlar soni Qatar hisobiga yana bittaga ko‘paydi. Bugungacha Germaniya, Hindiston, Chili va Janubiy Koreya davlatlari to‘rt yillikning muhim sport musobaqasini qabul qilish borasida Xalqaro olimpiya qo‘mitasining muloqot guruhida qatnashishini tasdiqlagan edi.
Kuni kecha Qatar olimpiya qo‘mitasi 2036 yilgi yozgi Olimpiya o‘yinlarini qabul qilishga nomzod ekanini e’lon qildi.
Qatar 2022 yili futbol bo‘yicha Jahon chempionatiga mezbonlik qilganidan so‘ng, inson huquqlari guruhlari ushbu mamlakatda demokratiya yo‘qligi, so‘z erkinligi cheklovlari va og‘ir mehnat sharoitlari kabi boshqa muammolar mavjudligiga ishora qilgan edi. Shunga qaramay, futbol nuqtai nazaridan mundial Qatarda muvaffaqiyatli o‘tgani xalqaro futbol jamoatchiligi tomonidan e’tirof etilgandi.

Xo‘sh, Qatar 2036 yilgi yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarini qabul qilish kurashida Germaniya, Hindiston, Chili va Janubiy Koreyadan ustun kela oladimi?
Bu borada hozirdan yakdil fikr aytish mushkul. Boisi, shu kunlarda yozgi Universiada o‘yinlarini qabul qilayotgan Germaniya, o‘yinlarni qabul qilishni davlat darajasidagi global masalaga aylantirayotgan Hindiston to‘sig‘ini Qatar yengib o‘tishi ancha mushkuldek, nazarimizda.

Biroq, Qatar yildan-yilga yirik xalqaro sport tadbirlariga mezbonlik qilish bo‘yicha boy an’anaga ega bo‘lib bormoqda. So‘nggi yigirma yil ichida mazkur davlat turli sport yo‘nalishlarida 18 ta jahon chempionatlariga mezbonlik qilishga muvaffaq bo‘ldi.
Shunday vaziyatda O‘zbekiston ham qachonlardir yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga mezbonlik kurashida ishtirok etishi mumkinmi, degan haqli savol ko‘pchilikning ko‘nglidan kechishi tabiiy. Albatta, mamlakatimizda keyingi 7-8 yillikda jismoniy tarbiya va sport sohasida, xususan Olimpiya harakatida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yurtimizda turli sport turlari bo‘yicha tashkil etilayotgan jahon chempionatlari, Xalqaro sport tashkilotlarining kongress va assambleya yig‘ilishlarining pirovard maqsadi ayni masalaga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Raqamlarga e’tibor qaratilsa, mamlakatimizda keyingi 4-5 yillik oraliqda 10 dan ziyod sport turlari bo‘yicha jahon chempionatlari, kubok bahslari, Olimpiya o‘yinlarining saralash musobaqalari tashkil etildi.
20 nafarga yaqin o‘zbekistonlik sport mutaxassislari Osiyo olimpiya kengashi, turli xalqaro sport federatsiya va birlashmalarida, ijroiya qo‘mitalarida samarali faoliyat ko‘rsatib, dunyoda Olimpiya harakatining rivojiga salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda.

Toshkentda qisqa fursatda "Olimpiya shaharchasi" barpo qilinmoqda. Bugungi kunda mazkur muhtasham sport shaharchasida so‘nggi ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning g‘oyasi asosida “Besh tashabbus olimpiadasi”, "Yangi O‘zbekiston olimpiya cho‘qqilari" sport o‘yinlari kabi noyob Olimpiya harakatiga hamohang musobaqalar tizimi ishlab chiqildi.
Bu sa’y-harakatlar, dunyoning eng ilg‘or kommunikatsiya tizimlarini o‘zida mujassam etgan "Olimpiya shaharchasi" infratuzilmasi, mamlakatimizda qisqa fursatda amalga oshirilgan yuksak darajadagi bunyodkorlik majmualari Yangi O‘zbekiston qiyofasini, uni global sport musobaqalari markazi sifatida tanilishga hozirlikdan dalolat, deyish mumkin.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA