O‘zbekiston har tomonlama boy va ulkan imkoniyatlar mavjud bo‘lgan mamlakat hisoblanadi. Uning eng katta boyliklaridan biri, shubhasiz, ma’naviy merosi, ziyoli xalqi va yuqori salohiyatli yoshlaridir. Mamlakatimizda yoshlarni asrab-avaylash, ularning ongu shuurini dunyoviy va diniy bilimlar bilan bosqichma-bosqich boyitib borish ma’naviyat va ma’rifat sohasidagi islohotlarning bosh bo‘g‘inini tashkil etadi.
Yurtimizda asosiy e’tibor yoshlarga qaratilishi, ta’lim va tarbiya sohasida izchil islohotlar amalga oshirilishi bejiz emas, albatta. Chunki yoshlar ishongan tog‘imiz, ertangi kunimiz. Kelajagimiz faqatgina ularga bog‘liq. Qaysiki yurtda, yoshlar tarbisiga e’tibor berilmasa, shu yerda ertangi kunga ishonch yo‘qoladi, kelajak mavhumlikka yuz tutadi. E’tiborsiz qolgan yoshlar ongu shuurini boshqa g‘oyalar, mafkuralar egallab oladi. Bunday davlatning kelajagi yo‘q desak, aslo xato qilmagan bo‘lamiz.

Hozirgi globallashuv jarayoni yoshlarga, xususan, talaba va o‘quvchilarga nisbatan turli tahdidlar va ularning ongi va qalbiga yot aqidalarni singdirishga urinishlar oshishiga qulay imkoniyatlar yaratib berdi. Inson ongi va tafakkurini egallash uchun kechadigan “jang” qilichu, qalqonga, odamzotni qirg‘in qiluvchi qurol-yarog‘larga tayanmasa-da, undanda kuchliroq vosita – inson ongini, tafakkurini zaharlashga harakat qilishi bilan juda xavfli. Bunday holatlarda doimo xalqimiz manfaatlari, haqiqat va adolat yo‘lidan sobitqadamlik bilan borish, o‘quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot ishlarini takomillashtirish hamda ma’naviy-mafkuraviy ishlarimizni demokratiya tamoyillari bilan uyg‘un holda bo‘lishi, milliy va umuminsoniy qadriyatlarning mushtarakligiga, inson omili masalalariga jiddiy e’tibor berish talab etiladi.
Bugungi kunda mamlakatimizda oliy ta’limni tubdan takomillashtirish, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, talaba-yoshlarga mustaqillik g‘oyalari, yuksak ma’naviyat va insoniylikning milliy an’analariga sodiqlik ruhini chuqur singdirish, ularda yot g‘oya va mafkuralarga nisbatan immunitet va tanqidiy tafakkurni mustahkamlash bo‘yicha keng ko‘lamli ma’naviy va tarbiyaviy ishlar amalga oshirilmoqda.

Siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini o‘rganish, targ‘ib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ta’lim tashkilotlarida o‘tkaziladigan «Mustaqillik darslari» doirasida qatag‘on qurbonlari, jumladan, jadidlik harakati namoyandalariga bag‘ishlangan o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi va ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazildi.
Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti talabalari Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyiga tashrif buyurdi.
Qatag‘on qurbonlari davlat muzeyiga tashrif tariximizning og‘riqli, ammo unutilmas bo‘lagiga yuzlanish, o‘tgan ajdodlarimizga nisbatan adolatni tiklash va kelajak uchun saboq olish imkoniyati bo‘ldi.
XX asr boshida, xususan 1930 yillarda mamlakatimizda juda og‘ir siyosiy ta’qiblar va repressiyalar bo‘lib o‘tdi. Ushbu davrda yuz minglab insonlar nohaq ayblar bilan qamaldi, o‘ldirildi, tug‘ilgan joylaridan surgun qilindi, haqoratlar va jazolarga duchor bo‘ldi. Bu qatag‘onlar nafaqat ma’rifatparvar ziyolilar, balki oddiy dehqon, o‘qituvchi, ilmiy xodim, shifokor kabi yurtga fidoyi insonlarni ham o‘z girdobiga tortib ketdi.
Ular orasida o‘zbek xalqi ma’naviyati, madaniyati, ilm-faniga ulkan hissa qo‘shgan allomalar – Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat, Usmon Nosir va yana ko‘plab ziyolilar bor edi. Ular qalami, so‘zi va fidoyiligi bilan millat uyg‘onishiga xizmat qilgan edilar.
Qatag‘on qurbonlari davlat muzeyi ana shu halok bo‘lgan, nohaq jabr ko‘rgan insonlar xotirasiga bag‘ishlangan muqaddas maskandir. Bu yerdagi har bir eksponat, har bir fotosurat, har bir hujjat – o‘tganni eslash va kelajakni to‘g‘ri qurish uchun muhim dalil.

Vatanimiz fidoyilarini ulug‘lash, xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha davlatimiz rahbari boshchiligida qator farmon va qarorlar qabul qilindi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida qatag‘on qurbonlari xotirasiga oid siyosat – nafaqat tarixiy adolatni tiklash, balki umummilliy ma’naviyat, vatanparvarlik va kelajak avlodga saboq berish nuqtai nazaridan ham ulkan ahamiyatga ega.
Qabul qilingan farmon va qarorlar bu borada mukammal huquqiy va ma’naviy asos bo‘ldi. Jumladan, 31 avgust – “Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni” deb e’lon qilindi. Toshkentda “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi tashkil etildi, muzey faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Arxivlarni o‘rganish orqali qurbonlarning nomini oqlash jarayoni boshlandi. So‘nggi sakkiz yilda 1 ming 200 dan ziyod jafokash bobolarimiz nomi oqlandi. «Qatag‘on qurbonlari xotirasi» muzeyi rekonstruksiya qilinib, minglab yangi hujjatlar bilan to‘ldirildi. Hududlarda ham shunday muzeylar tashkil etildi. “Xotira” kitoblari tayyorlandi, bunda 40 mingdan ortiq inson haqida ma’lumotlar jamlandi.
Shuningdek, maktab va oliygoh darsliklariga siyosiy repressiyalar mavzusi kiritildi, universitetlarda maxsus “Xotira burchaklari” tashkil etildi. Ziyolilar, nuroniylar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar muntazam o‘tkazilmoqda.
Qatag‘on qurbonlari muzeylari bugungi kunda faqat tarixiy eksponatlar joylashgan binolar emas, balki milliy hujjatlar saqlanadigan ilmiy markaz, yoshlar uchun ma’rifiy darslar o‘tkaziladigan maydon, fuqarolik jamiyatini shakllantiruvchi tarbiyaviy maskanga aylandi.
Qatag‘on qurbonlarini eslash – faqat tarixiy vazifa emas, balki ma’naviy qarz, insoniy burch, fuqarolik mas’uliyati. Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun kurashgan qahramon ajdodlarimiz jasorati biz uchun doimo ibrat maktabi bo‘lib qoladi.
Bugun biz erkin, mustaqil mamlakatda yashamoqdamiz. Lekin bu erkinlik qanchalik qimmatga tushganini unutmasligimiz zarur. Bu muzey – nafaqat tarix, balki har birimiz uchun ma’naviy dars, javobgarlik va xotira makoni.
Tarixni bilish – millatning o‘ziga bo‘lgan hurmati va mas’uliyati. Qatag‘on qurbonlari fidokorligi, jasorati va or-nomusini yodga olish, ularning orzulari yo‘lida mehnat qilish – biz, yangi avlodning muqaddas burchimiz.
Bugun biz muzeylar, darsliklar, tadqiqotlar va yodgorliklar orqali xotirani saqlash bilan birga, hozirgi tinch va erkin hayotni qadrlashni, millat tarixini bilishni, hamjihatlikni mustahkamlashni davom ettirishimiz zarur.
Tadbirda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori, tarix fanlari doktori, professor Baxtiyor Hasanov talabalarga bugungi kunda davlatimiz tomonidan qatag‘on qurbonlari xotirasiga ko‘rsatilayotgan e’tibor haqida to‘xtalib o‘tdi.
Joriy yil 19 iyulda qabul qilingan “Siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini o‘rganish, targ‘ib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish to‘g‘risida”gi Prezident qarori ham jadid bobolarimiz va qatag‘on qurbonlarini xotirlash, ularning ilmiy-ma’rifiy merosini o‘rganishga turtki beradigan ulkan tarixiy qadam bo‘ldi.
Qarorda belgilab berilgan vazifalar, shubhasiz, 1937–1953-yillar mobaynida yuz bergan ayanchli qatag‘on siyosatining eng nozik qirralarigacha tadqiq etishda hamda yurt, millat uchun aziz jonlarini qurbon etgan jadid bobolarimizning hayoti va faoliyatini chuqur o‘rganishda beqiyos ahamiyat kasb etadi.
Ushbu qarorda ko‘p jildlik “Qatag‘on qurbonlari” kitobini chop etish, Toshkent shahridagi “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasiga ramziy kitobni o‘rnatish, oktyabr oyining birinchi haftasini mamlakatimizda “Siyosiy qatag‘on qurbonlarini yod etish haftaligi” sifatida nishonlash, qatag‘on etilgan ajdodlarimizning xotirasini abadiylashtirish maqsadida spektakllar, badiiy va hujjatli filmlar tayyorlash, mustabid tuzum davrida siyosiy qatag‘onga uchragan shaxslarni reabilitatsiya qilish tartibini nazarda tutadigan normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqishga doir topshiriqlar bu boradagi ishlarning ko‘lamini yanada kengaytirishga zamin hozirlaydi.
Chet eldagi turli fondlar, arxiv, muzey, kutubxona va boshqa ilmiy-ma’rifiy muassasalar hamda tegishli mutaxassislar bilan hamkorlik o‘rnatgan holda, qatag‘on qurbonlarining hayoti va faoliyatini tadqiq etishga doir ilmiy ekspeditsiyalar uyushtirish to‘g‘risidagi tashabbus, shubhasiz, mard va jasur bobolarimizning ayni damda xorijda saqlanayotgan mo‘’tabar merosini o‘rganishda yangi ufqlarni ochish imkoniyatini beradi.
SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasining 1938 yil 4–16 oktyabr kunlaridagi sayyor yig‘ilishida 507 nafar o‘zbekistonlik siyosiy mahbus ustidan hukm o‘qilgan. Ularning eng ko‘zga ko‘ringanlari jismonan mahv etilgan. Qolganlari uchun turli muddatga surgun yoki qamoq jazosi belgilangan. Umuman olganda, 1934–1938-yillari O‘zbekistonda 40 mingdan ortiq inson qatag‘on qilingan. Shulardan 730 nafari “xalq dushmani” sifatida otib tashlangan.
Qaror doirasida belgilangan Siyosiy qatag‘on qurbonlarini yod etish haftaligi yurt ozodligi, vatan taraqqiyoti yo‘lida aziz jonini fido etgan ajdodlarimizning xotirasini abadiy¬lashtirishga katta asos bo‘lib xizmat qiladi.
Ushbu haftalik davomida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi tomonidan ham bir qator tadbirlar o‘tkazish rejalashtirilgan.
Shundan so‘ng, Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti bilan hamkorlikda tashkil etilgan Turkiston jadidlarining hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan rangtasvir asarlari ko‘rgazmasi, shuningdek, “Nuroniy” jamg‘armasining Toshkent shahar bo‘limi bilan birgalikda “Tarixdan ibrat olib…” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazish rejalashtirilgan.
Mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq tarixiy adolatni tiklash Vatan ozodligi va xalq baxti saodati yo‘lida shahid ketgan ajdodlar xotirasini yod etish ishiga katta e’tibor berilgan. Respublikamizda Fayzulla Xo‘jayev, Abdulla Qodiriy, Fitrat, Abdulhamid Cho‘lpon, Usmon Nosir, Maqsud Shayxzoda singari davlat va madaniyat arboblarining yubileylari nishonlandi. Maktablarga, oliy ta’lim dargohlari va ko‘chalarga ularning tabarruk nomlari berildi. Taklifga binoan viloyatlarda va 13 oliy ta’lim muassasasida Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeylari tashkil etildi.
O‘tkazilayotgan bunday tadbirlar yoshlarimizni tinchlikni qadriga yetishga, kelajakka bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga, hayotda munosib o‘rin topishga undaydi, onggini, shuurini takomillashtirishga, sog‘lom dunyoqarashni shakllantirishga, ona-Vatan, xalq, millat, milliy o‘zlik, umuminsoniy va milliy qadriyatlar, vatanparvarlik tushunchalari va mohiyatini anglashga,ma’naviy olamini kengayishiga, jamiyatga foydasi tegadigan yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishiga zamin tayyorlaydi. Inson qadri ulug‘ xotirasi muqaddas ekanligiga ishonch uyg‘otadi.
Rahbar Xoliqova,
Tarix fanlari doktori, professor
O‘zA