Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasining Navoiy shahar hamda Karmana tumani bo‘linmalari tashabbusi bilan maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari xodimlari uchun Navoiy davlat universiteti huzurida faoliyat yuritayotgan Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyiga sayohat tashkil etildi.
Mazkur muzey O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 22 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi va hududlardagi oliy ta’lim muassasalari tuzilmasida Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeylarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tashkil etilgan bo‘lib, u xalqimizning og‘ir va sinovli tarixiy davrlarini yodga olish, qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.


– O‘zlikni anglash tarixni anglashdan boshlanadi. Jonajon O‘zbekistonimiz buyuk tarix va ulug‘ ajdodlarimiz makonidir, – deydi muzey direktori Xurshid Qurbonov. – Ma’naviy yetuk, komil insonni tarbiyalashda esa muzeylarning o‘rni beqiyos. Zero, muzey ekspozitsiyalarida namoyish etilgan tarixiy ashyolar, hujjatlar va xalq amaliy san’ati namunalari orqali ajdodlarimizning hayot yo‘li, sabr-matonati va yuksak ma’naviyati yaqqol namoyon bo‘ladi.

Sayohat davomida qatag‘on davriga oid tarixiy yodgorliklar, noyob eksponatlar hamda milliy qadriyatlarimizni ifodalovchi xalq amaliy san’ati namunalari haqida ma’lumotlar berildi.

Bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ta’lim sohasi xodimlarining tarixga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, o‘tmish saboqlaridan to‘g‘ri xulosa chiqarishga xizmat qilish bilan birgalikda yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri