Vatanimiz istiqloli, xalqimizning ozodligi va erkinligi yo‘lida mardona kurash olib borib, mustabid tuzum davrida qatag‘on qilinganlar orasida prokuratura organlari xodimlari ham bo‘lgan.
Harakatlari, amaliy ishlari mustabid tuzum manfaatlariga zid kelgan, xalqni o‘ylab, unga yon bosgan soha xodimlari avaxtalarga tiqilgan, ko‘pchiligi jisman yo‘q qilingan. Ana shunday xodimlar xotirasini abadiylashtirish maqsadida ishchi guruh tuzildi.

Bosh prokurorning farmoyishi bilan tuzilgan ishchi guruh nafaqat ularning xotirasini tiklash, balki hayot yo‘llari va faoliyatini keng jamoatchilikka yetkazish bo‘yicha zarur choralarni amalga oshiradi. Bu prokuratura organlarining sharafli faoliyati haqidagi aholi tasavvurini yanada boyitish, yosh mutaxassislarda g‘urur va iftixor tuyg‘usini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Mazkur ishchi guruhning videoselektor tarzidagi yig‘ilishida shu haqda so‘z bordi.

Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev joriy yil 31 avgust kuni poytaxtimizdagi “Shahidlar xotirasi” xiyobonida mas’ullar va jamoatchilik vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvda davlatimiz rahbari qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha muhim tashabbuslarni ilgari surganini qayd etdi.
Qatag‘on qurbonlari xotirasini yod etish va ularning mustaqilligimiz yo‘lidagi sa’y - harakatlarini keng targ‘ib etish, bu umummilliy harakatga aylanishi zarurligi borasida muhim ko‘rsatmalar berildi.

Tadbirda Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori Baxtiyor Hasanov, shuningdek, ishchi guruhning boshqa a’zolari so‘zga chiqib, o‘z fikr va mulohazalarini bildirdi.
Tadbir doirasida Bosh prokuratura va Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
N.Abduraimova, O‘zA