Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qatag‘on davrida odamlar yoqilg‘ini ortiqcha sarflagani uchun ham qamalgan
10:21 / 2021-05-06

Vatanimiz tarixidagi 6 may sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.

1440 yil (bundan 581 yil oldin) – temuriylar saroyida xizmat qilgan oltmish besh yoshli tarixchi Fasih Ahmad Xavofiy temuriyzoda Shohruxning xotini, malika Gavharshod begimning g‘azabiga uchrab, qisqa muddatli qamoqqa hukm qilindi. Manbalarda keksa tarixchining qaysi harakati temuriy malikaning g‘azabini keltirgani haqida ma’lumotlar uchramaydi.

1442 yil (bundan 579 yil oldin) – tarixchi Fasih Ahmad Xavofiy Temuriylar hukmdori Shohruxning qabulida bo‘lishga erishdi. Ayni shu uchrashuvda Fasih Xavofiy Shohruxga o‘zining “Mujmali Fasihiy” (“Fasih to‘plami”) kitobini taqdim etdi. Mazkur asar debocha, muqaddima, 2 maqola va xotimadan iborat. Asarning asosiy qismida Fasih Xavofiy arab xalifalari, safforiylar, somoniylar, g‘aznaviylar, saljuqiylar, g‘uriylar, xorazmshohlar to‘g‘risida ma’lumot bergach, temuriylar tarixiga batafsil to‘xtalgan.

Asarda, shuningdek, shoirlar, faqihlar, muhaddislar, shayxlar, shuningdek, iqtisodiy va madaniy hayot, o‘sha paytda qurilgan me’moriy obidalar haqida mufassal ma’lumot berilgan. Asar xotimasi Hirot shahriga bag‘ishlangan. Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, mazkur asar tarixchi olima, akademik Dilorom Yusupova tomonidan fors tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilinib, 2018 yilda nashr etildi.

1907 yili (bundan 114 yil oldin) – Qo‘qon shahrida Turkiston o‘lkasida birinchilardan bo‘lib faoliyat yuritgan kredit shirkati tashkil qilindi.

1914 yil (bundan 107 yil oldin) – Qo‘qon savdogarlaridan Tojiddinboy xonadonida tashkil etilgan yangi usul maktabida imtihon majlisi bo‘lib, unga Qo‘qonning mashhur ulamolaridan Kamoliddin qozi ham taklif etildi. Shu davrdagi to‘y va marosimlarning dabdababozligiga taqlidan imtihon majlislariga ham katta sarf-harajatlar qilish odat tusiga kirmoqda edi.

Tarixchi Tohirjon Qozoqovning qayd etishicha, bunga Kamoliddin qozi o‘z e’tirozini bildirgan: “Min ba’d imtihon majlislarini imkoni boricha soddalashdirulsun, hech kimga to‘n va boshqa narsa berilmasun. Agar bul to‘g‘riga yoki usuli jadidga e’tiroz etguvchi bo‘lsa, shariatga muvofiq jazosini berurman...”, – deb shariatda qoralangan isrofgarchiliklarni qattiq tanqid qiladi. Uning bu fikrlarini jadidlar o‘z gazetalari sahifalarida bosib chiqarganlar.

1934 yil (bundan 87 yil oldin) – Marg‘ilon shahar 166-uchastka Xalq sudyasi traktor brigadasining brigadir-mexanigi Zokir Ismatovni yerni shudgor qilish rejasini bajarmaganligi va yoqilg‘ini ortiqcha sarflagani uchun besh yil ozodlikdan mahrum etdi. Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, O‘zbekistonda qatag‘on avjiga chiqqan 1936–1939 yillarda sho‘ro vakillari fuqarolarni hibsga olish va qamash uchun har xil ayblarni o‘ylab topar edilar: kunlik normani bajarmadi, reja va majburiyatni uddalay olmadi, paxtani iflos qildi, ishga chiqmadi va hokazo.

1982 yil (bundan 89 yil oldin) – Farg‘ona vodiysining Chimyon shaharchasi atrofida zilzila ro‘y berdi. Avvaliga portlashga o‘xshash tovush eshitilgan va bir zumda yer qattiq silkinib, hamma joyda chang-to‘zon ko‘tarilgan. Tog‘larda o‘pirilish, ko‘chki va tosh ko‘chish jarayonlari boshlangan.

1991 yil (bundan 30 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti va Toshkent arxitektura-qurilish institutini tashkil qilish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

1992 yil (bundan 29 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi va Tailand Qirolligi o‘rtasida diplomatiya munosabatlari o‘rnatildi.

1993 yil (bundan 28 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi.

1995 yil (bundan 26 yil oldin) – “O‘zbekiston Respublikasining «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida” Qonun qabul qilindi. Bu hujjatda yangi o‘zbek alifbosi 26 ta harf, 3 ta harflar birikmasidan iborat ekanligi; s, ɉ harflari mustaqil harfiy belgi sifatida 1993 yil 2 sentyabrda qabul qilingan alifbodan chiqarilganligi; Ō ō harfi O‘ o‘ shaklida, Ḡ ḡ harfi G‘ g‘ shaklida, Ş ş ѕarfi Sh sh shaklida, Ç ς harfi Ch ch shaklida, N̅ n̅ harfi Ng ng shaklida ifodalanishi ko‘rsatilgan.

1995 yil (bundan 26 yil oldin) – Pekin shahrida O‘zbekiston Respublikasining elchixonasi faoliyat yurita boshladi. Bundan oldinroq 1992 yil 15 oktyabrda Toshkentda Xitoy elchixonasi ochilgan edi.

2006 yil (bundan 15 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Iste’mol krediti to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi.

Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi