XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Turkistonda vujudga kelgan jadid taraqqiyparvarlik harakati ko‘p asrlik o‘zbek xalqi tarixida muhim o‘rin egallaydi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Ubaydulla Xo‘jayev, Obidjon Mahmudov, Fitrat, Cho‘lpon, Saidnosir Mirjalilov va boshqalar mahalliy xalqni milliy istiqlol bayrog‘i ostida birlashtirish va hokimiyatni qo‘lga olib, milliy o‘zbek davlatini barpo etish yo‘lidagi ilk qadamni amalga oshirganlar. Ular mavjud tarixiy sharoitdan foydalanib, “Turon”, “Imdodiya” singari ma’rifiy jamiyatlar hamda “Sho‘roi islom”, “Turk adam markaziyat” kabi milliy siyosiy tashkilotlarni tuzdilar.
Taraqqiyparvarlar xuddi shu davrda xalq va mamlakat taqdiriga aloqador muhim masalalar bilan shug‘ullanib, xalqning yumuq ko‘zlarini ochishga, uni erk, hurriyat va mustaqillik singari buyuk tarixiy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga intildilar. Ular millatni mustamlakachilik kishanlarini parchalab tashlashi uchun kurashga da’vat etdilar. Jadidlar bu yo‘lda xalq maorifini taraqqiyotning eng ishonchli quroli sifatida birlamchi darajaga ko‘tardilar. Turkistonda oliy ta’lim muassasalarining yo‘qligi tufayli jadid taraqqiyparvarlari yoshlarni chet ellarda o‘qitish, ayniqsa, Yevropa ilm-fani yutuqlari bilan tanishtirish masalasiga alohida e’tibor qaratganlar.
1922 yil, kuz. Turkistonning barcha mintaqalaridan 250 dan ortiq iqtidorli yoshlar zamonaviy ilm-hunarlarni o‘zlashtirish maqsadida Moskva, Sank-Peterburg, Boku shaharlariga, Turkiya va Germaniya davlatlariga yo‘l oladilar. Ular Vatanga Yevropa ilm-fani, texnikasi yutuqlarini olib kelib, Turkistonning qadimgi mavqeyini tiklash uchun qasamyod etgan edilar. Afsuski, o‘sha davrda ezgu niyatlar bilan Germaniyada bilim olib, yurtiga qaytgan yoshlarning bari otilib ketadi. Yoshlar o‘z Vatanida qanday shum taqdir ularni kutib turganini bilsalarda, biroq yurtga qaytib kelish orzusi ularni tark etmaydi.
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/4PqpunzOLVE" title="Qatag‘on davrida aybsiz aybdor bo‘lgan Turkiston yoshlari" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>
Bugungi lavhada O‘zbekiston fanlar akademiyasi Tarix instituti tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Abduvali Yo‘ldoshev bilan qatag‘on bo‘lgan Turkiston yoshlari haqida suhbatlashdik.
M.Turdaliyeva, A.Ahmedov (video), O‘zA