Tariximizdan ma’lumki, sovet tuzumining qatag‘on siyosati millat sha’nini, tarixi va o‘zligini, din-diyonatini toptashga qaratilgan, yurt ziyolilarini, faollarini yuzaga chiqarmaslikka, ularning millat ravnaqi yo‘lidagi harakatlarini yo‘q qilishga “bel bog‘lagan” dahshatli davr edi. Afsuski, qatag‘on davri millatimiz boshiga ko‘pgina kulfatlarni yog‘dirdi, minglab iste’dodlarning, ziyolilarning boshiga yetdi.
Yaqin o‘tmishimizning bu qora sahifalari katta iztirob va ayanch bilan yodga olinadi. Zotan, ma’lumotlarga ko‘ra, 1937-1953 yillarda O‘zbekistonda 100 ming odam qatag‘onga uchragan. Ularning 13 ming nafari otib tashlangan. Ularning bari xalqning iste’dodli farzandlari, millat fidoyilari, jonkuyarlari edi. Ular orasida qanchadan-qancha yoshlar bor edi.
Jumladan, toshkentlik jurnalist, davlat xizmatchisi Abdulhay Tojiyev millat mafkurasini uyg‘otishga qaratilgan maqolalari, yurt farovonligi yo‘lidagi harakatlari uchun malomatga qolganlardan biridir...
Bu haqda tarixchi olim, tarix fanlari doktori, “Do‘stlik” ordeni sohibi Bahrom Irzayev O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:
— “Katta qirg‘in” nomi bilan tariximizga kirgan qatag‘on davrida millatimizning minglab fidoyilari, din va ma’naviyat namoyandalari qurbon bo‘ldi, aybsiz aybdorga chiqarildi. 1899 yil Toshkent shahrida o‘qituvchi oilasida dunyoga kelgan Abdulhay Tojiyev ham bu davrning qurbonlaridan biri hisoblanadi. Otasi Toji Xo‘jayev vafot etganida, akasi To‘xtaxo‘ja 15 yoshda, Abdulhay esa endigina 10 yoshga kirgan edi. Singillari 3 yoshli Sharifa va endigina tug‘ilgan Hamidalarning barchasi onasi Poshshaxon ayaning qaramog‘ida qolgan. Hayotning achchiq-chuchugini erta totgan Abdulhay bolalik gashti nimaligini bilmay o‘sdi.
U dastlab mahalla masjidi qoshidagi eski maktabda, so‘ng Munavvar qori Abdurashidxonovning jadid maktabida tahsil oldi. Tengdoshlariga nisbatan ziyrak yigit bo‘lgan Abdulhay Tojiyev o‘z atrofida kechayotgan jarayonlarga befarq emas edi. U 1919 yildan toshkentlik jadid taraqqiyparvarlarining mafkuraviy rahbarligi ostida tuzilgan “Izchilar to‘dasi” to‘garagida faol ishtirok etdi. Bu to‘garak yoshlar orasida ilm-ma’rifatni targ‘ib etish bilan birga, ularning siyosiy bilimlarini o‘stirishga intiladi.
Abdulhay Tojiyev jurnalistlik faoliyati bilan jiddiy shug‘ullanib, qator maqolalar e’lon qildi. 1922-23 yillarda “Turkiston”, 1923 yildan Andijon shahrida nashr etila boshlagan “Darxon” gazetalarida mas’ul muharrir bo‘lib xizmat qildi. 1923-25 yillarda Moskvadagi Sverdlov nomli Kommunistik universitetida o‘qiydi. 1925 yil Toshkentga kelib, Toshkent viloyati partiya kotibi bo‘ldi. Biroq, u 1926 yil yana Moskvaga chaqirib olinib, 1927-29 yillarda SKKP(b)da O‘zbekiston targ‘ibot-tashviqot bo‘limida o‘rinbosar, 1929-1935 yillarda Sovet Ittifoqi millatlar Kengashida kotib bo‘lib ishlaydi. A.Tojiyev 1935 yildan yana Toshkentga kelib, to 1937 yil O‘zSSR NKVD tomonidan qamoqqa olinguniga qadar Toshkent shahar sovetining raisi, O‘zSSR MIK raisi o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat ko‘rsatdi.
A.Tojiyev publitsistikasining asosini maorif masalasi tashkil etadi. U o‘z maqolalarida sovetlarning balandparvoz shiorlar ostida boshlagan xalq maorifini rivojlantirishga qaratilgan siyosatining kamchiliklarini tahlil etadi. Hech qanday moddiy asossiz tashkil etilgan sovet maktablarida darslik va o‘qituvchilarning yo‘qligi, qabul qilingan qarorlarning qog‘ozda qolayotganini yozadi. U xalq maorifidek murakkab va katta ahamiyatli masala mahalliy byudjetga tashlab qo‘yilayotganini tanqid qiladi. A.Tojiyevning o‘tkir istehzolar bilan yozilgan “O‘zing uchun o‘l yetim!” maqolasi esa mahalliy mahkamalarning xarajatini mahalliy mablag‘lar hisobidan amalga oshirish haqidagi dekretni tanqid etishga bag‘ishlangan.
Shuningdek, A.Tojiyev har doim ziyolilar masalasini millat kelajagi bilan uyg‘un tasavvur etdi. “Turkiston” gazetasi sahifalarida Cho‘lpon, A.Qodiriy, G‘.Yunus, S.Siddiq, A.Ayub, Elbek kabilar ijodiga keng o‘rin beradi. Gazetada xalq, millat ma’naviyati ravnaqi uchun dolzarb bo‘lgan maorif, til-adabiyot, san’at va teatr masalalariga ko‘proq urg‘u berildi.
A.Tojiyev poraxo‘rlik illati va uning salbiy oqibatlari haqida ham yozib, iqtisodiy nochorlikni uni yuzaga keltiradigan omillar qatoriga kiritadi. Shuningdek, Turkistondagi ishsizlikning kundan-kunga ortib borayotgani va bu muammoni kasaba uyushmalari tomonidan hal etiluvi lozimligini qayd etadi, mahalliy mayda hunarmandlarga ma’lum imtiyozlar tizimini yaratish, o‘rtahol dehqonlarni himoyalash, savodsizlikka qarshi kurashishdek ustuvor masalalarni ko‘targan edi. A.Tojiyev maqolalarida fuqarolarni zamon bilan qiziqishga, siyosiy madaniyatini oshirib borishga chaqiradi. Aks holda ko‘rgan jabrlari ziyoda bo‘ladi, deydi.
Jonkuyar vatandoshimiz ayni kuch-g‘ayratga to‘lgan 38 yoshida totalitar tuzumning qora girdobiga duch keldi. 1937 yil 3 avgustda O‘zSSR MIK raisi o‘rinbosari, Toshkent shahar sovetining raisi bo‘lgan Abdulhay Tojiyevni qamoqqa olish to‘g‘risida qaror chiqariladi. Shu kunning o‘zida uning uyida tintuv o‘tkazilib, A.Tojiyevga tegishli buyumlar, hujjatlar, kitoblar olib ketiladi.
1937 yil 11 avgust kuni o‘tkazilgan dastlabki so‘roqda Abdulhay Tojiyevdan oila a’zolari haqida ma’lumot talab qilinadi. So‘roqda u jami 22 ta qarindoshini sanaydi. Albatta, bu batafsil ro‘yxat Abdulhay Tojiyevga tayyor holda topshirilib, imzolatib olingan bo‘lishi ham mumkin. Boisi, bu uning beradigan javoblari butun qarindosh-urug‘ining taqdirini hal etishi mumkinligiga sha’ma edi.
1937 yil 11 avgust dastlabki tergov materiallari asosida Ayblov qarori chiqarildi. O‘tkazilgan har bir so‘roq jarayonida hikoya etilayotgan voqealar yanada rivojlantiriladi, ishtirokchilar kengayadi va har gal yanada ulkan yolg‘onlar paydo bo‘ladi. Ayblovda A.Tojiyevga 1918 yildan “Ittihod va taraqqiy”, “Milliy ittihod” tashkilotlariga a’zo, 1927 yildan sovetlarga qarshi faol kurash boshlagan aksilinqilobiy tashkilot a’zosi, davlat mulkini boshqarishda katta o‘pirilishlarga yo‘l qo‘ygan, degan ayblar qo‘yildi. A.Tojiyev 1938 yil 27 aprelda “Uchlik” tomonidan otuvga hukm etildi va jazo xuddi shu kuni ijro etiladi.
Vaqt o‘tib, 1956 yilda A.Tojiyevning xotini Tojixon Ahmedova SSSR Oliy Soveti raisiga, shundan so‘ng SSSRning birinchi rahbari N.S.Xrushchyovga, Genprokurorga, O‘zSSR KP birinchi kotibi N.Muhiddinovga, SSSR Ministrlar Soveti raisi Bulganinlarga ham ariza bilan murojaat etadi. Arizasida erining vatan va xalq oldida zarracha aybi yo‘qligini, o‘zining hech bir aybi bo‘lmagani holda 1937 yil qamoqqa olinib, 1945 yil zo‘rg‘a qutulganini yozadi. 8 yillik sovet qamoqxonalaridagi azob-uqubatlar davomida sog‘lig‘idan ajralgani, sovet jazo lagerlarida mehnat qobiliyatini yo‘qotganini, yagona o‘g‘li Uchqunning urushda bedarak yo‘qolganini, uni qidirishga qilgan harakatlari besamar ketayotganini ma’lum qiladi.
Shundan so‘ng A.Tojiyev ishi bo‘yicha qayta tekshirishlar boshlandi. 1956 yil 20 noyabrda SSSR Oliy Sudining Harbiy kollegasi A.Tojiyevning ishini qayta ko‘rib, uning to‘liq tuhmat va asossiz ayblovlar asosida mahv etilganini tan oldi. 1957 yil 23 iyulda A.Tojiyev to‘liq oqlandi va bu haqida 1957 yil 5 oktyabrda Tojixon Ahmedovaga ma’lum qilindi, — deydi tarixchi olim.
Darhaqiqat, Abdulhay Tojiyev singari aybsiz aybdor bo‘lgan millatdoshlarimizning taqdiri ayanchli kechgan. Istiqlol yillarida qatag‘on davri qurbonlarining nomini tiklash va ularni yod etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 32 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida qayd etilganidek, birgina so‘nggi uch yilda yurt ozodligi yo‘lida kurashgan, nohaq ayblanib, bu dunyodan armon bilan ketgan vatandoshlarimizning 856 nafari Oliy sud tomonidan oqlandi. Bunday ezgu ishlarning davom ettirilishi aybi nimaligini bilmay, armonda ketgan millatdoshlarimizning ruhi oldida ham qarz, ham farzdir.
Muhtarama Komilova, O‘zA muxbiri