Har bir millat va elatning o‘z tarixi bor. Tarix zamirida esa, milliy o‘zlikni anglash, qadriyatlarga hurmat, ajdodlar xotirasiga ehtirom tuyg‘usi mujassam. Sir emaski, yetmish yildan ortiq mobaynida amal qilgan sobiq sho‘rolar tuzumi davrida xalqimizning ana shu tuyg‘usi toptaldi, tariximizni xolis o‘rganishga, milliy, diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylashga yo‘l qo‘yilmadi.
O‘tgan asr boshidagi oktyabr to‘ntarishi oqibatida Turkistonda zo‘rlik bilan o‘rnatilgan mustamlakachi sovetlar tuzumi birinchi kundan boshlab shu zaminda yashayotgan xalqlar boshiga son-sanoqsiz qirg‘inlar, dahshatli va alamli kulfatlar olib keldi.
Ayniqsa, 1937-1938 yillarda o‘ta mudhish voqealar yuz bergan. Xususan, 1937 yilning 10 avgustidan 1938 yil 1 yanvarigacha O‘zbekistonda o‘n ming yetti yuz kishi qamoqqa olingan. Bulardan uch ming olti yuz o‘n uch kishi otildi, yetti ming sakson yetti kishi sakkiz-o‘n yil muddatga qamaldi.
Qatag‘on avvalo, ziyolilar, din xizmatchilari, madrasalar, masjidlarga qarshi qaratilgan edi. Faqat 1937 yilning dekabr oyida "uchlik" qarori bilan hukm qilingan uch ming olti yuz qirq to‘rt kishidan bir ming to‘rt yuz oltmish to‘rt nafari imom, eshon, mulla va boshqa diniy xizmatchi bo‘lgan.
O‘zbekiston aholisi asosan, islomga e’tiqod qiluvchi musulmonlar, masjid va madrasalar esa musulmonlar uchun muqaddas maskan ekanligi hech kimga sir emas. Sovet tuzumining qatag‘on siyosati eng avvalo, musulmonlarga, imomlar, so‘filar, qozilar, din homiylariga, masjid va madrasalarga qaratildi. Buning zamirida millatning o‘zligini, diniy qadriyatlarini yo‘q qilish harakatlari yotgan.
Din va dindorlarni yo‘q qilishga, islom diniga qarshi olib borilgan qatag‘on siyosati va uning fojeali oqibatlari mavzusi O‘zbekiston tarixshunosligida alohida o‘rganilmagan. To‘g‘ri, O‘zbekistonda siyosiy qatag‘on bilan bog‘liq risola, monografiya, ilmiy maqolalar, ayrim diniy arboblar haqidagi ma’lumotlar qator nashrlarda, xususan, “Vodiynoma” ilmiy-ommabop jurnali sahifalarida yoritib borilmoqda. Ammo arxivlarda saqlanayotgan O‘zbekiston SSR markaziy ijroiya ko‘mitasi huzuridagi Diniy ishlar bo‘yicha komissiya materiallari hanuzgacha ilmiy iste’molga kiritilgani yo‘q. Vaholanki, bu haqdagi manba va materiallar O‘zbekiston Milliy arxivining 86- fondida saqlanmoqda.
Sovetlar hukumatining 1937-1938 yillarda diniy ulamolar – imomlar, so‘filar, qozilarni qatag‘on qilishi bilan bog‘liq ayrim ma’lumotlar yurtimiz tarixchi olimlarining qator kitoblari, xususan, mening rahbarligimda 2005-2009 yillarda nashr etilgan kitoblarda keltirilgan.
Mamlakatimiz viloyatlari ichki ishlar boshqarmalari arxivlarida 1931-1933 yillarda quloqlarni sinf sifatida tugatish siyosatiga, ularni O‘zbekistonning ichki rayonlariga surgun qilish jarayoniga, shuningdek, joylardagi masjidlarlarni yo‘q qilish, masjid binolarini musodara etish, ulardan boshqa maqsadlarda foydalanish bilan bog‘liq tegishli idoralar tomonidan imzolangan juda ko‘p hujjatlar saqlanmoqda. Bugun biz, ayniqsa, tarixchi olimlar ana shu hujjatlarni o‘rganishga alohida e’tibor qaratishimiz lozim.
Mudhish qatog‘on yillarida O‘zbekiston SSR Markaziy ijroiya komiteti hay’atiga respublikamizning barcha hududlaridan masjidlarni yopish, buzish, boshqa maqsadlarda foydalanish, masjidlardan foydalanganlik uchun ijara to‘lovi to‘lash bilan bog‘liq juda ko‘p qarorlar, xat va iltimosnomalar kelib tushgan.
Masalan, Baliqchi rayon Qo‘shtepasaroy qishloq soveti “Qizil askar” kolxozi kolxozchilari tomonidan 1937 yil 22 iyunda eski masjidni yopib, masjid binosidan klub va qizil choyxona sifatida foydalanish bo‘yicha qaror chiqarilgan. Qarorni 1937 yil 38 martda Baliqchi rayon ijroiya komiteti tasdiqlagan. O‘zSSR Markaziy ijroiya komiteti 1937 yil 22 iyunda “Qizil askar” kolxozi kolxozchilarining eski masjidni yopib, uning binosini klub va choyxonaga berish haqidagi qarori ma’qullanib, tasdiqlagan.
Andijon okrugi Baliqchi rayon ijroiya komiteti hay’atining 1937 yil 27 sentyabrdagi rasmiy iltimosnomasi bilan Namuna kolxozi hududidagi masjid binosini kolxoz qizil choyxonasiga aylantirishga qaror qilingan. Rayon ijroiya qo‘mitasi hay’atining Namuna va Baliqchi qishloq kengashlari hududida joylashgan masjid binosini Qizil choyxona tashkil etish uchun topshirish haqidagi iltimosnomasi qondirilgan. Shuningdek, Baliqchi qishloq soveti hududida joylashgan ikki masjid binosini Orjonikidze nomli kolxozga bolalar uyi sifatida foydalanish uchun berish haqidagi iltimosnomasi ham qondirilgan.
[gallery-24709]
Stalin rayoni (hozirgi Shahrixon) kengashi rayosatining 1937 yil 10 sentyabrdagi majlisida 1937 yil 26 avgustda Voroshilov mahallasi aholisining masjidni yopish va uning binosi o‘rnida klub tashkil etish haqida taqdim etilgan qaror tasdiqlangan.
O‘rganish va tadqiqotlarimiz davomida masjidlarni yo‘q qilish bilan bog‘liq yuqoridagi kabi juda ko‘p arxiv hujjatlari bilan tanishib chiqildi. Tarixiy hujjatlar asosida ushbu masalaga oid yuzlab, minglab misollar keltirish mumkin. Bizning asosiy maqsadimiz ana shu hujjatlar bilan jamoatchilikni kengroq tanishtirish, tarixiy jarayonlarni xalqimizga boricha ko‘rsatishdir.
Umuman, qatag‘on davri – 1937-1938 yillarda mamlakatimizda dinni va din xizmatchilarini yo‘q qilish maqsadida yuzlab masjidlar asossiz buzib tashlandi, boshqa maqsadlarda foydalanish uchun olib berildi, minglab diniy ulomalar qamaldi, surgun qilindi, otib tashlandi. Ana shu davrni, ya’ni din arboblari va masjidlarning qatag‘onga uchrashi bilan bog‘liq tarixiy jarayonlarni o‘rganish bo‘yicha olimlarimiz tomonidan zarur tadqiqotlar olib boriladi, mavzu chuqur o‘rganiladi.
Rustambek Shamsutdinov,
Andijon davlat universiteti tuzilmasidagi
Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi direktori,
tarix fanlari doktori,
Markaziy Osiyo fan, madaniyat va san’at akademiyasi akademigi.
O‘zA