Qatagʻon avvalo, ziyolilar, din xizmatchilariga qaratilgan edi
Har bir millat va elatning oʻz tarixi bor. Tarix zamirida esa milliy oʻzlikni anglash, qadriyatlarga hurmat, ajdodlar xotirasiga ehtirom tuygʻusi mujassam.
Har bir millat va elatning oʻz tarixi bor. Tarix zamirida esa milliy oʻzlikni anglash, qadriyatlarga hurmat, ajdodlar xotirasiga ehtirom tuygʻusi mujassam.
Sir emaski, yetmish yildan ortiq davr mobaynida davom etgan mustabid tuzim davrida xalqimizning ana shu tuygʻusi toptaldi, tariximizni xolis oʻrganishga, milliy, diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylashga yoʻl qoʻyilmadi.
Oktyabr toʻntarishi oqibatida Turkistonda zoʻrlik bilan oʻrnatilgan mustamlakachi sovetlar tuzumi birinchi kundan boshlab shu zaminda yashayotgan xalqlar boshiga qirgʻinlar, dahshatli va alamli kulfatlar olib keldi. Bu dahshatli rejimni xalqimiz qabul qilmadi. Turkiston zaminining ilgʻor vakillari istiqlol uchun, erk va milliy-ozodlik uchun kurash olib bordi. Turli manbalarda taʼkidlanishicha, bu kurashda 1 million 900 ming nafar turkistonliklar vatandan bosh olib xorijiy mamlakatlarga chiqib ketgan, 1 million 700 ming kishi Sibir, Uzoq Shimol, Ukraina, Shimoliy Kavkaz, Ural, Qozogʻiston, Uzoq Sharq va Volgaboʻyi rayonlariga badargʻa qilingan.
Ayniqsa, 1937-1938-yillarda oʻta mudhish voqealar yuz bergan. 1937-yilning 10-avgustidan 1938-yil 1-yanvarigacha Oʻzbekistonda 10 ming 700 kishi qamoqqa olingan. Bulardan 3 ming 613 kishi otilgan, 7 ming 87 kishi sakkiz-oʻn yil muddatga qamoqqa tashlandi.
Qatagʻon avvalo, ziyolilar, din xizmatchilariga qarshi qaratilgan edi. 1937-yilning dekabr oyida “uchlik“ qarori bilan hukm qilingan 3 ming 644 kishidan 1 ming 464 nafari imom, eshon, mulla va boshqa diniy xizmatchi boʻlgan. 1938-yilning fevralida “uchlik“ yigʻilishlarida 2 ming 491 mahbus ustidan hukm chiqarilgan, shundan 2 ming 86 mahbus otuvga, 398 mahbus oʻn yil muddatga, ikki mahbus sakkiz yil muddatga qamoq jazosiga hukm qilingan. Ular asosan oʻziga toʻq dehqonlar, ishchi-xizmatchilar, ulamolar, savdogarlar boʻlgan.
Qatagʻon siyosati diniy nuqtayi nazardan ogʻir gunohi azim, siyosiy-dunyoviy jihatdan oʻta dahshatli jinoyat edi. Tariximizning ana shu achinarli, alamli sahifasini yaratish, oʻsha achchiq tarixni eslash, undan saboq olish, bor haqiqatni bugungi va kelgusi avlodlarga yetkazish muhim ahamiyat kasb etadi.
Mamlakatimizda istiqlol yillarida tarixiy haqiqatni qaror toptirish, xususan, Vatanimiz ozodligi va erkinligi yoʻlida qurbon boʻlgan xalqimizning suyukli farzandlari nomini tiklash, ularning hayoti va faoliyatini oʻrganish, tadqiq va targʻib etishga qaratilgan keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Biroq, bu borada hali oldimizda qiladigan juda koʻp ishlar turibdi. Yurtimizda faqat 1937-1953-yillarda qatagʻon qilingan 100 ming nafardan ziyod yurtdoshlardan nari borsa 20 ming nafaridan ortiqrogʻi nomma-nom aniqlandi, xolos. Qolganlarini izlab topish, ularning xotirasini abadiylashtirishdek xayrli vazifa turibdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi va hududlardagi oliy taʼlim muassasalari tuzilmasida Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeylarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ana shu yoʻnalishdagi ishlar koʻlami va samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Andijon davlat universitetida tashkil etilgan Qatagʻon qurbonlari xotira muzeyi ham mashʼum siyosat qurbonlari xotirasini abadiylashtirish, bu boradagi saʼyi-harakatlar koʻlamini kengaytirishga qaratilgan ishlarning amaldagi ifodasidir.
Muzeyga mustabid tuzim tomonidan qanotlari qirqilgan, ne-ne azoblarga solingan minglab ayanchli taqdirlar haqidagi eksponatlar qoʻyilgan. Faqat 1937-1938-yillarning oʻzida Andijon viloyatidan qatagʻon qilingan 1 ming 500 dan ortiq jabrdiydalarning ism-familiyalari yozilgan. Bundan tashqari, ularning xotirasiga bagʻishlangan ilmiy, adabiy, badiiy kitoblar toʻplanib, elektron nusxalari tayyorlandi. Qatagʻon qurbonlari boʻlgan yurtdoshlarimizning hayoti va faoliyati haqidagi maʼlumot va hujjatlarni ilmiy tadqiq etish, ular haqida hikoya qiluvchi kitoblar, kinofilmlar yaratish, maktablarda muzeyning filiallarini tashkil etish borasida ham zarur ishlar olib borilmoqda.
Muxtasar aytganda, shu muqaddas zamin, ona yurt tinchligi, mustaqilligi va taraqqiyoti uchun jonini fido qilgan vatandoshlarimiz nomini abadiylashtirish, ularning hayoti, taqdiri haqidagi haqiqatni kelgusi avlodlarga boricha yetkazish, bu boradagi xayrli ishlarga munosib hissa qoʻshish har bir yurtdoshimiz uchun ham qarz, ham farzdir.
Rustambek SHAMSUTDINOV,
Andijon davlat universiteti Oʻzbekiston tarixi kafedrasi professori, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi