Xitoyning Tyanjin shahrida bo‘lib o‘tayotgan yengil atletika bo‘yicha yopiq inshootlardagi XII Osiyo chempionatida Qashqadaryo sportining yorqin g‘alabasi qayd etildi.
Mazkur musobaqada qashqadaryolik sportchi – viloyat sport o‘yinlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan sport maktabi tarbiyalanuvchisi Jonbibi Hukmova 400 metr masofaga yugurish bahsida 53,61 soniya natija ko‘rsatib, faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Ushbu g‘alaba orqali u Osiyo miqyosida yengil atletika bo‘yicha eng kuchli sportchilardan biri ekanini yana bir bor isbotladi.
Yuksak natija sportchining mashaqqatli mehnati, ota-onasining doimiy qo‘llab-quvvatlovi hamda murabbiy J.Saidov boshchiligidagi puxta va tizimli tayyorgarlik samarasi hisoblanadi.

Avval ham Osiyo chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritgan Jonbibi Hukmovaning navbatdagi tarixiy muvaffaqiyati Qashqadaryo sporti uchun barchaga faxr bag‘ishlaydi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri