Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qashqadaryolik o‘qituvchilar viloyat aholisiga murojaat qildi
08:39 / 2023-04-01

“Ta’lim-tarbiyada “Qashqadaryo tajribasi” yaratiladi” - Maktab direktorlari viloyat aholisi va ota-onalarga murojaat qildi.

Shahrisabz shahrida o‘tkazilgan tadbirda viloyatdagi maktablarning murojaati o‘qib eshittirildi. Unda yutuqlar bilan bir qatorda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.

“bugungi kunni ilgarigi davr bilan qiyoslab ko‘raylik. O‘qituvchilar 3-4 oylab dala ishlari bilan band bo‘lib, o‘quvchilarga dars bera olmagani hech kimga sir emas. Bundan tashqari, qanaqa tashkiliy ish bo‘lsin, o‘qituvchi bajarar edi. O‘qituvchi oylik maoshini oydan oyga amallab yetkazar, shu bois maktablarni erkak o‘qituvchilar tark etdi. Birgina, viloyatimiz maktablarida 500 nafardan ortiq o‘qituvchiga ehtiyoj bor edi. Maktablarimiz holati biz o‘qituvchilarni qoniqtirmas, xususan, 155 mingta o‘quvchi o‘rni yetishmasdi.

Shuningdek, 253 ta maktab ta’mirtalab va 81 tasi loy-paxsali, deyarli barcha maktablardagi parta va doskalar abgor holatda edi. Bugun esa, haqiqatan ham, biz muallimlar dala ishlaridan, ko‘cha tozalashdan, ortiqcha qog‘ozbozlikdan ozod bo‘ldik. Toptalgan qadrimiz, egilgan qaddimiz muhtaram Yurtboshimizning biz ziyolilarga bo‘lgan muhabbatlari va mehrlari sabab yana qayta tiklandi. Oyliklarimiz oshib, moddiy farovonligimiz  yaxshilandi. Muallim oyligining oshishi sabab erkak o‘qituvchilar maktabga qaytdi. Natijada, maktabdagi tartib-intizom yaxshilandi.

Ishlashimiz uchun qulay va imkoniyati keng zamonaviy maktablar qurib berildi. Xususan, so‘nggi 5 yilda viloyat bo‘yicha 215 ta yangi maktab barpo etildi. 342 ta maktabda kompyuter sinflari tashkil qilindi, 421 tasi parta va doskalar bilan to‘liq jihozlandi. Oliy ma’lumotli pedagog kadrlar tayyorlash yo‘nalishida qabul kvotalari 5 baravarga oshirildi. Pedagoglar tayyorlash bo‘yicha Qarshi davlat universitetiga raqobatchi ta’lim muassasasi sifatida Shahrisabz davlat pedagogika instituti tashkil etildi.  

Ma’lumki, muhtaram Prezidentimiz joriy yil 24 fevralda Qashqadaryoga tashriflarini Qarshi tumanidagi 71-sonli maktabdan boshlaganlaridan ko‘p ming sonli biz ziyolilar yuksak darajada faxrlandik. Yurtboshimiz maktab bilan tanishuv jarayonida viloyatimizdagi faxriy ustozlar hamda yosh o‘qituvchilar bilan uchrashdilar.

Prezidentimizning: “O‘qituvchilar uchun hamma imkoniyatlarni yaratib berayapman, lekin o‘qituvchi ham harakat qilishi, ta’lim mazmunining sifatini yana-da oshirishi kerak. O‘qituvchi – katta kuch. Men muallimga ishonaman, men muallimga suyanaman” degan so‘zlari biz o‘qituvchilarga yana-da kuch va g‘ayrat bag‘ishladi.

Tan olaylik, yaratib berilgan shuncha imkoniyatlarga qaramasdan, maktablarimizdagi holat, o‘qituvchilarning darajasi bugungi kun talabiga javob bermaydi. Davr talabiga mos ta’lim berish va zamonaviy boshqaruvning to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani natijasida ta’lim sifati Respublika miqyosida past. Afsuski, 95 foiz maktablarimizda bilim ko‘rsatkichi eng past. O‘qituvchilarimizning 15 foizi o‘rta maxsus ma’lumotli, 40 foizi toifaga ega emas. Xorijiy tillar, aniq va tabiiy fanlarni o‘qitish ishlarini susaytirib yubordik. 50 foiz o‘quvchilarimiz kelajakda qaysi kasbni egallashini bilmaydi. Islohotlarning mahalla va oiladagi targ‘ibotida o‘qituvchilarning faolligi yetarli emas.

Prezidentimiz, biz o‘qituvchi-muallimlardan umidlari katta ekanligini, o‘qituvchi  jamiyatning old bo‘g‘ini sifatida uyg‘onishi kerakligini, o‘qituvchi uyg‘onsagina, Yangi O‘zbekiston qurish mumkinligini qayta-qayta ta’kidladilar. Qarshi tumanidagi 71-sonli maktabda muhtaram Prezidentimiz bilan bo‘lib o‘tgan samimiy suhbatdan kelib chiqib, Qashqadaryo ziyolilari ta’lim sifatini yaxshilash bo‘yicha oldimizga qator vazifalarni belgilab oldik...”

Tadbirda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayev, viloyat hokimi Murotjon Azimov va Shahrisabz shahar hokimi Akrom Sulaymonovlar ham ishtirok etdi.

O‘lmas Barotov, O‘zA.