Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qashqadaryolik olima ayol
15:57 / 2020-09-30

Biz ayolning oʻrni koʻproq oilada, farzandlar tarbiyasida boʻlishi kerak, degan qarashga oʻrganib qolganmiz.



Biz ayolning oʻrni koʻproq oilada, farzandlar tarbiyasida boʻlishi kerak, degan qarashga oʻrganib qolganmiz. Lekin bugun jamiyatimizda shunday ayollar borki, ular nafaqat oilada, farzandlar tarbiyasida faol, balki jamiyatning muhim boʻgʻinlarida mehnat qilib, yuksak natijalarga erishmoqda.

Hikoya qilmoqchi boʻlgan qahramonimiz – Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti “Oʻzbekiston tarixi” kafedrasi mudiri, tarix fanlari doktori, professor Yulduz Ergasheva.

Bugungi kunda yosh avlodga taʼlim-tarbiya berish jarayonida 35 yildan buyon faol ishtirok etib kelayotgan qahramonimiz yurtimizning taniqli va obroʻli tarixchi olimalaridan biri sanaladi.

Yu.Ergasheva tomonidan Oʻzbekiston madaniyati tarixi Vatanimiz tarixshunosligida ilk marotaba prinsipial yangi nazariy metodologik asosda, rivojlanish tamoyillari va muammolari kompleks ravishda tahlil qilingan. Shuningdek, mustabid tuzumning madaniy sohadagi siyosatining asl mohiyati ochib berilgan, oʻzgarishlar totalitar tuzum va mustaqillik davri maʼnaviy-madaniy siyosatlarini retrospektiv-qiyosiy tahlillari koʻrsatib oʻtilgan. U Oʻzbekiston tarixi va madaniyati sohasida 250 dan ortiq ilmiy ish, shu jumladan, 4 ta oʻquv qoʻllanma, 5 ta monografiya, 7 ta risola, 2 ta maʼruza matni, 17 ta oʻquv, oʻquv-uslubiy qoʻllanma, koʻrsatmalar, 19 ta xalqaro anjuman maʼruzasi va 3 ta grant (loyiha) muallifi.

Olimaning ilmiy maqolalari Xitoy, Turkiya, Germaniya, Rossiya, Bolgariya, Ukraina, Saudiya Arabistoni, Hindiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston ilmiy jurnallarida chop etilgan. Soʻnggi uch yil ichida 2 ta oʻquv qoʻllanmasi, 3 ta monografiya, 70 dan ortiq ilmiy maqola, jumladan, 16 ta maqolasi xorijiy nashrlarda chop qilingan. Bundan tashqari, Forobiy nomli Qozogʻiston Milliy universiteti professori bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyoning buyuk diniy allomalari” mavzuida oʻquv qoʻllanma chop ettirilib, ikki mamlakat oʻquv jarayonida keng foydalanilmoqda.

– Yulduz Ergasheva ibratli oila bekasi, ikki farzandning onasi, fidoyi, kamtarin inson, jonkuyar olima sifatida, ustozlik va ilmiy -ijodkorlik qobiliyati bilan viloyatimiz hamda respublikamiz ziyolilari, institut jamoasi orasida alohida hurmat qozongan, – deydi Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti rektori O.Bozorov. – U viloyatimizdagi birinchi fan doktori, professor ayoldir. Olima ilmiy-tadqiqot ishlarini oʻquv jarayonlari bilan chambarchas bogʻliq holda olib borishga qaratgan. Fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini rivojlantirishga oʻzining munosib hissasini qoʻshib kelmoqda. Har yili kafedrada uning rahbarligida Oʻzbekiston tarixining muammolari boʻyicha ilmiy konferensiyalar oʻtkaziladi. Jumladan, 12 ta respublika ilmiy konferensiyasi, 1 ta xalqaro ilmiy seminar hamda 2 ta mintaqaviy ilmiy seminar tashkil qilib, 15 ta ilmiy toʻplam chop ettirishga muvaffaq boʻldi.

2017-yil sentyabr oyida “Globalistika-2017” xalqaro kongressi doirasida tashkil etilgan YUNESKO maktabida ijtimoiy fanlardan malaka oshirib, sertifikat bilan taqdirlangan. Bundan tashqari, uning ilmiy rahbarligida 2008-2019-yillarda 7 ta fan nomzodi, 2 ta magistr tayyorlandi. 2018-2020-yillarda uchta shogirdi tarix fanlaridan falsafa doktori boʻyicha dissertatsiya himoya qildi. Hozirgi vaqtda olima rahbarligi ostida 3 ta tadqiqotchi fan doktori, 7 ta falsafa doktorlik va 1 ta magistrlik dissertatsiyalari tayyorlanmoqda.

Yulduz Ergasheva talabalarga oʻqitishning ilgʻor pedagogik texnologiyalarini zamon ruhi va milliy istiqlol gʻoyalari bilan uygʻun holda saboq beradi. Oʻquv jarayonini Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot institutlari hamda yetakchi oliy oʻquv yurtlari bilan oʻzaro aloqalar asosida yangiliklar bilan boyitishga harakat qiladi. U 2012-yildan buyon Oʻzbekiston xotin-qizlar “Olima” uyushmasi viloyat boʻlimi raisidir.

– Bugungi kunda taʼlim tizimining barcha bosqichlari qatori oliy taʼlimda ham keng miqyosli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi Yu.Ergasheva. – Jumladan, oliy taʼlim muassasalarida avvalo oʻqitish sifatiga, raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga alohida eʼtibor qaratilayotir. Oliy taʼlim muassasalari soni 120 dan oshdi. Hududlarda nufuzli OTMlarining filiallari tashkil etilayotgani, ularga bitiruvchilar qamrovi yildan-yilga oshirib borilayotgani Prezident Murojaatnomasida taʼkidlangan vazifalar ogʻishmay bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etilayotganidan dalolatdir. Oliy taʼlimdan keyingi tizimda esa ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash, ilmiy salohiyatni oshirish masalalariga eʼtibor yana-da kuchaytirildi. Keyingi yillarda turli fan yoʻnalishlari boʻyicha fan doktorlari oʻz ilmiy-tadqiqot ishlarini muvaffaqiyatli himoya qilib, mamlakatimiz ilm-fani rivojiga munosib hissa qoʻshishmoqda. Oʻzbekistonda Oliy taʼlim tizimini isloh qilishga doir maxsus Konsepsiya qabul qilinib, 2030-yilgacha sohaga doir ishlar samaradorligi oshirilmoqda. Amalga oshirilayotgan bu kabi keng koʻlamli saʼy-harakatlar yaqin kelajakda albatta oʻzining ijobiy samarasini beradi.

Taʼkidlash lozimki, qahramonimiz xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati sifatida 2015-yildan buyon hozirgacha fuqarolar murojaatiga muvofiq tegishli tashkilotlarga deputatlik soʻrovi bilan murojaat qilib, saylovchilar muammolarini hal etishda ham amaliy yordam berib kelmoqda. Jumladan, Qarshi shahridagi Batosh, Xontepa, Buyuk Turon, Parvoz, Temiryoʻlchi hamda Magʻzon mahalla fuqarolar yigʻinlari aholisi, harbiy qismlardagi saylovchilar muammolarini ijobiy hal qilishda jonbozlik qilmoqda. U xalq deputatlari viloyat Kengashining “Ijtimoiy-madaniy sohani rivojlantirish, oila, xotin-qizlar va yoshlar masalalari” boʻyicha doimiy komissiyasi raisi sifatida ham joylarda xotin-qizlar va yoshlarga oid masalalarni hal qilishda amaliy koʻmak berayotir.

Yu.Ergashevaning xizmatlari Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, institut rahbariyati, Qashqadaryo viloyati hokimligi tomonidan bir necha bor taqdirlangan. 1999-yilda “Oliy taʼlim aʼlochisi” koʻkrak nishoni, 2016-yilda “Oʻzbekiston mustaqilligiga 25 yil”, 2017-yilda “Oʻzbekiston Konstitutsiyasiga 25 yil” esdalik nishonlari bilan taqdirlangan. Uning fidokorona mehnatlari hisobga olinib, mustaqilligimizning 29 yilligi bayrami arafasida “Doʻstlik” ordeni bilan mukofotlandi.