Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda qaynotasi bilan tortishib qolgan kelin o‘zi va ikki farzandini poyezd tagiga tashlab, vafot etgani xususidagi xabar keng muhokamaga sabab bo‘lmoqda.
U rostdan ham o‘zi va farzandlarini poyezd ostiga tashlaganmidi?
Bo‘lib o‘tgan voqeaga aniqlik kiritish maqsadida O‘zA muxbiri hodisa yuz bergan Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani Sho‘rbozor MFYda bo‘ldi va marhumning oila a’zolari, mahalla faollari bilan suhbatlashdi.
– Ochig‘i ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma’lumotlar kuygan jonimizni battar kuydirdi, – deydi marhumaning onasi. – Birinchidan, qizimning qaynotasi vafot etib ketganiga necha yillar bo‘lgan. Ikkinchidan, bir oydan buyon sog‘ligi biroz yomonlashgani uchun uyga olib kelgandik. Kichkina farzandi hali 4 oylik edi. Keyin eri ham Rossiyada emas shu yerda, qo‘shni qishloqda turadi va u bilan ham hech qanday janjallashgani yo‘q. Soppa-sog‘, aqli xushi joyida edi. Aka-ukalari bilan ham inoq edi. O‘sha kuni ikki nafar farzandini olib, kunduzgi soat 13:00 lar atrofida dugonamnikiga o‘tirishga boraman deb uydan chiqqan edi. U yog‘i bizga qorong‘u. Bo‘hton xabarlarni tarqatayotganlar xudodan qo‘rqing, bolaginamning ruhini chinqirratmang. Qismat ekan hammasiga ko‘ndik.
– Ushbu oilani yoshligimdan buyon bilaman, – deydi Sho‘rbozor MFY raisi Sarvar Baratov. – Men mahallaga rais bo‘lganimdan buyon o‘tdan davrda ularning hech bir a’zosidan oilaviy nizolar yoki boshqa shaxsiy adovat yuzasidan shikoyat kelib tushmagan. Mahalladagi namunali oilalardan biri edi. To‘g‘risi, o‘sha kuni shu noxush xabarni eshitib, xayron qoldim.
Mahalla raisi suhbat davomida marhumaning hozirgi oilasi ikkinchi turmushi bo‘lib, eri keksa kishi ekanini, Ko‘kdala MFYda yashashini, Rossiyada emas shu yerda ekanini, ushbu voqea yuz bergunga qadar marhuma bilan tinch-totuv yashab kelayotganligini, oilaviy janjal haqida hech qanday ma’lumot shu kunga qadar kelmaganini ta’kidladi.
Aniqlanishicha, marhuma taxminan bir oylardan buyon onasinikida ya’ni Sho‘rbozor MFY Paxtakor qishlog‘ida davolanish maqsadida yashab kelayotgan bo‘lgan. U bilan oxirgi marta ko‘rishgan oila a’zolarining ta’kidlashicha, marhuma 11 iyul kuni dugonamnikiga boraman, deya uydan chiqib ketgan. Shuningdek, halokat yuz bergan joyga yetib borgan mahalla raisining obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘rinbosari Dilmurod Nabiyevning qayd etishicha, marhumaning poyezd yo‘li chetida qolib ketgan so‘mkasidan xarid qilingan shirinliklar, bola tagliklari va boshqa narsalar chiqqan.
Suhbat jarayonlarida qishloqdagi marhumaning qo‘shnilari, mahalla faollaridan hech biri marhuma va uning oila a’zolari haqida qarama-qarshi fikr bildirmadi.
Bundan tashqari halokat yuz bergan joyni ko‘zdan kechirganimizda temir yo‘lning ikki tomonidan tikonli sim to‘rlar tortilgan bo‘lishiga qaramay temir yo‘lni kesib o‘tgan yo‘lakni ko‘rish mumkin. Shu atrofda tomorqachilik bilan shug‘ullanayotgan qishloq odamlari ham shu yerda odamlar doimimiy ravishda o‘tib qaytadigan yo‘lak borligini, voqea yuz bergunga qadar sim turlar orasi qo‘l bola qilib ochib qo‘yilganini tasdiqladi.
Ma’lumki, poyezd haydovchisi uzoqdan bo‘lsada yo‘lga yaqin turgan odamlarni yoki hayvonlarni ko‘rganda ogohlantiruvchi signalni chalishi shart. Ammo negadir o‘sha kuni voqea yuz bergan paytda atrofdagi hech kim poyezd signalini eshitmagan. Holbuki temir yo‘lning shundoqqina yonida dehqonlar poliz ekinlari ekib yetishtirishadi va doimiy ravishda shu yerda bo‘lishadi.
Yuqoridagi fikrlarga tayanib mulohaza qilish mumkinki, marhuma o‘zini va farzandlarini poyezd ostiga tashlamagan. Chunki odam o‘zining joniga qasd qilishi uchun birorta muhimroq sabab kerak. Biz esa bunday jiddiy sababni surishtiruvimiz vaqtida topa olmadik. Albatta, bu voqeaga hodisaning bevosita ishtirokchisi, yuk poyezdi haydovchisidan yanada aniqroq javob olish mumkin edi. Lekin afsuski, soha vakillaridan haydovchining shaxsini ham, u bilan bog‘liq voqea hodisa haqida ham hech qanday ma’lumot olishni imkoni bo‘lmadi.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining matbuot kotibi – axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Hayot Shamsuddinov o‘zining telegram kanalida “Mazkur holat 2021 yil 11 iyul kuni sodir bo‘lgan bo‘lib, shu kuni Qarshi transport prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “a” bandi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.” mazmunida post qoldirgan.
Umid qilamizki, haqiqat qaror topadi va yaqin orada voqea tafsilotlari rasmiylar tomonidan to‘liq bayon qilinadi.
O‘lmas Barotov, O‘zA