Dehqonobodlik Abdurahmon Xudoyqulov 14 yildan buyon o‘ziga biriktirilgan “ZIL-130” rusumli maxsus texnikasida aholiga suyultirilgan gaz ballonlar yetkazib beradi. Ammo keyingi yillarda mashinasi eskirgani sababli turli nosozliklar kelib chiqayotgandi. Bu esa uning ish unumdorligiga ham salbiy ta’sir qilayotgandi. Bugun ko‘pchilik qatori Abdurahmon Xudoyqulovga ham yangi va zamonaviy mashina kaliti topshirildi.
– Sohamizga qaratilayotgan e’tibordan ochig‘i juda quvonib ketdim, – deydi A.Xudoyqulov. – Chunki mashinam eski va ko‘p buzilardi. Qish-qirovli kunlarda o‘t olishi qiyin edi. Shu bois vaqtida gaz ballonlarini manzilga yetkazib bera olmasdim. Endi esa bunday muammo bo‘lmaydi. Ilgari yuzta xonadonga gaz ballon yetkazgan bo‘lsam, yangi texnikada 110-115 ta xonadonga mahsulot olib boraman. Bu texnikada haydovchi uchun ham ko‘plab qulayliklar bor ekan. Qisqasi, ish sifati oshadi endi.
Davlatimiz rahbarining Qashqadaryoga tashrifi chog‘ida belgilab berilgan vazifalar ijrosi hamda mamlakatimiz mustaqilligining 34 yilligi arafasida “Hududgazta’minot” AJ tomonidan suyultirilgan gaz tashishga mo‘ljallangan eski transport vositalari o‘rniga yangi 15 ta “Izuzu” rusumli zamonaviy, maxsus avtotransport vositalari topshirildi.
Tantanali tadbirda viloyat hokimi M.Azimov ham ishtirok etib, ishtirokchilarni bayram bilan qutladi va haydovchilarga mashinalar kalitini topshirdi.
Jumladan, Dehqonobod tumani aholisi uchun 2 ta, Yakkabog‘ tumaniga 1 ta, G‘uzorga 1 ta, Chiroqchiga 2 ta, Mirishkor tumaniga 1 ta, Kitobga 2 ta Shahrisabz tumaniga 2 ta, Qamashiga 1 ta, Koson tumani uchun 1 ta va Ko‘kdala tumani uchun 2 ta transport vositasi yetkazib berildi.
[gallery-24833]
Mazkur avtoulovlar yordamida viloyatning tog‘li, olis va chekka hududlaridagi xonadonlarga suyultirilgan gaz yetkazib beriladi. Bu ish sifatini oshirib, ta’minot darajasi yaxshilanishiga xizmat qiladi.
Tadbir davomida viloyat rahbari filial qoshidagi o‘quv mashg‘uloti maydoni markazida bo‘lib, gazchi xodimlarning malakasini oshirish uchun qurilgan kondagi qazib chiqarish bosqichidan aholi xonadoniga yetkazib berishgacha bo‘lgan bosqichlar bilan yaqindan tanishdi.
Shuningdek, filial markaziy dispetcherlik xizmatida esa ta’minotni onlayn tahlil qilib borishning afzalliklari xususida suhbatlashdi. Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, birinchi navbatda aholiga tabiiy va suyultirilgan gaz yetkazib berish, zaxiralar yaratish muhimligi alohida qayd etildi.
– Ayni paytda viloyatda 590 ming 300 nafar suyultirilggan gaz iste’molchisi mavjud bo‘lib, ularga 147 ta maxsus avtotransport vositasi yordamida suyultirilgan gaz yetkazib beriladi, – deydi filial axborot xizmati rahbari Otabek Mamanazarov. – Ish sifatini oshirib, suyultirilgan gaz ta’minoti barqarorligini ta’minlashda maxsus texnikalarning o‘rni nihoyatda katta. Misol uchun, ilgarigi yuk ko‘tarish quvvati kam bo‘lgan transport vositalaridan voz kechilib, endilikda zamonaviy transport vositalari yordamida kun davomida 3 ming 500 xonadonga suyultirilgan gaz yetkaziladi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari