Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qashqadaryodan antik davrga tegishli yodgorlik topildi
11:59 / 2025-12-03

Yaqinda Samarqand arxeologiya instituti tadqiqotchilari Qashqadaryo viloyati hududida yana bir muhim arxeologik manzilni aniqlashdi. Ushbu xabar ortidan biz ham Kitob tumani Yuqori Oyoqchi qishlog‘ida joylashgan mazkur yodgorlikka yo‘l oldik.

Qishloq tomon harakatlanar ekanmiz, tog‘li hududning betakror manzarasi, musaffo havosi va tabiatning soz jarangi kishi qalbini rom etadi. Olisdan qator tepaliklar ko‘zga tashlanib, ularda qazishma ishlari bilan band mutaxassislar ko‘zga tashlanadi.

Arxeologlarning aytishicha, tepaliklardagi yodgorliklar antik davrga mansub bo‘lib, o‘sha davr aholisining turmush tarzi, hunarmandchiligi, an’analari va madaniy hayoti haqida qimmatli ma’lumotlar beradigan topilmalarga boy.

Samarqand arxeologiya instituti bosh ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori Abdusobir Raimqulovning ta’kidlashicha, mintaqadagi qidiruvlar suv ombori qurilishi munosabati bilan qayta faollashgan.

[gallery-26520]

– Hozir turgan hududimiz Yuqori Oyoqchi qishlog‘ining tepalik qismi. Sel suvlarini saqlab qoluvchi ombor qurilishi rejalashtirilgandan so‘ng, bu yerda arxeologik ob’ektlar bor-yo‘qligini aniqlash uchun institutimizga murojaat qilindi, – deydi olim. – Bu tepaliklarda antik davrga oid 10 dan ortiq yodgorlik joylashgan. Qizig‘i shundaki, har bir tepalikda miloddan avvalgi III-II asrlarga tegishli sopol buyumlar parchalari keng uchraydi. Bu esa Aleksandr Makedonskiy davridan boshlab, keyingi salavkiylar va Yunon-Baqtriya davlati hukmronligi davrida ham hududda aholi gavjum yashaganini ko‘rsatadi. Shu davrlarda bu yerda bir nechta qishloqlar mavjud bo‘lgani ehtimoldan xoli emas.

Tadqiqotlarga ko‘ra, hudud aholisi asosan chorvachilik bilan shug‘ullangan, dehqonchilikka qulay sharoit mavjud bo‘lgan, suv manbalari esa qishloq hayotining asosiy omili hisoblangan.

Maxsus ruxsat asosida tepaliklarga ko‘tarilib, qazishma maydonlarini bevosita kuzatdik. Qadimiy qatlamlar ochilishi bilan birga, ajdodlarimiz yashagan muhitga oid yangi sir-asrorlar ham namoyon bo‘ladi: qator qilib qurilgan uchoqlar, tuproq ichida deyarli to‘liq saqlangan ko‘za va kosalar, qadah taglari, turli sopol buyumlar shular jumlasidan.

Samarqand arxeologiya instituti tayanch doktoranti Saidazimxon Amonov qidiruvlar tarixi va o‘tgan yillar natijalarini batafsil yoritib berdi:

– Bu hududda dastlabki arxeologik aniqlashtiruv ishlari 2014-2015 yillarda o‘tkazilgan. Joriy yilning noyabr oyidan esa Oyoqchitepada keng qamrovli qazishmalarni boshladik. Topilgan sopollar miloddan avvalgi IV asrdan milodiy IV asrgacha bo‘lgan davrga tegishli ekani ma’lum bo‘ldi. Hududda bir-biriga yaqin joylashgan 12 ta tepalik aniqlangan. Shularning beshtasida – Oyoqchi-1, Oyoqchi-2, Oyoqchi-3, Oyoqchi-4 hamda Janjaltepada qazishmalar olib borildi. Jumladan, Oyoqchi-4 yodgorligidan antik davrga tegishli qadah va kosalar, ayniqsa, ko‘p to‘plandi. Shuningdek, ro‘yxatga kiritilmagan kichik tepalikda 1,7 santimetr qalinlikdagi qadimiy devor qoldiqlari ham topildi.

Bundan tashqari, tepaliklar sovet davrida qayd etilgan bo‘lsa-da, ular 2019 yilda milliy ro‘yxatga rasmiy tarzda kiritilgani, bu esa ularni ilmiy jihatdan yanada puxta o‘rganish imkonini bergani ta’kidlandi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Yuqori Oyoqchi qishlog‘ida olib borilayotgan qazishmalar Qashqadaryo vohasining qadimiy tarixini yana bir bor tasdiqlamoqda. Antik davr hayotiga oid sopollar, arxitektura elementlari va maishiy buyumlar nafaqat ilmiy jihatdan, balki madaniy meros nuqtai nazaridan ham ulkan ahamiyatga ega.

Tadqiqotchilar kelgusi yilda qazishmalarni kengaytirish, planografik tadqiqotlarni amalga oshirish va hududning tarixiy qiyofasini yanada to‘liq tiklashni rejalashtirmoqda. Bu esa mintaqa turizmi, ayniqsa, arxeologik turizmni rivojlantirishga ham xizmat qiladi.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari