O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 20 apreldagi «2022-2026 yillarda Qashqadaryo viloyati hududlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori asosida viloyat hududlarida sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmatlar sohasining kelgusi besh yildagi istiqbollari, har bir tuman va shaharning «o‘sish nuqtalari»ni belgilash, ijtimoiy sohani rivojlantirish orqali aholi salomatligi, turmush darajasini yanada yaxshilash borasida amaliy ishlar qilinmoqda.
Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha belgilangan tartib asosida Qashqadaryo viloyatining tuman va shaharlaridagi mavjud muammo va imkoniyatlar chuqur o‘rganilib, hududlar kesimida muhim loyihalar shakllantirilyapti, amaliy ishlar muntazam tahlil etib borilmoqda.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Qashqadaryo filiali tomonidan viloyatning 2022 yildagi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari tahlil qilindi.

Yalpi hududiy mahsulot. Viloyatdagi yalpi hududiy mahsulot (YAHM) hajmi 49 520,8 milliard so‘mni, o‘sish ko‘rsatkichi 2021 yilning mos davriga nisbatan 5,6 foizni tashkil qilgan.
Ma’lumot uchun, viloyat o‘sish ko‘rsatkichi bo‘yicha respublika hududlari orasida 9-o‘rinda turibdi. Jon boshiga to‘g‘ri keladigan YAHM hajmi 14 372,6 ming so‘mni tashkil qilgan.
Viloyatda yaratilgan YAHMning Respublika yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 5,6 foiz bo‘lgan holda Toshkent shahri, Toshkent, Navoiy, Samarqand, Farg‘ona, Andijon viloyatlaridan keyingi 7-o‘rinni egallagan. YAHMda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushi 69,9 foizni tashkil qilgan.
Sanoat. Viloyatda 22 814,7 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan bo‘lib, oldingi yilning mos davriga nisbatan 10,5 foizga oshgan. O‘sish ko‘rsatkichi bo‘yicha respublika hududlari orasida 3-o‘rinda turibdi. Viloyatda ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlarining respublika sanoatidagi ulushi 4,1 foizni va hududlar orasida 8-o‘rinni egallangan. Shuningdek, viloyat sanoati tarkibida tog‘-kon sanoatining ulushi – 7,5foiz, ishlab chiqariladigan sanoat – 68,2 foiz, elektr, gaz, bug‘ bilan ta’minlash va havoni konditsiyalash sanoati – 23,8 foiz, suv bilan ta’minlash, kanalizatsiya tizimi, chiqindilarni yig‘ish va utilizatsiya qilish sanoati - 0,5 foizni tashkil qilgan.
Jon boshiga to‘g‘ri keladigan sanoat mahsulotlari hajmi 1 376,7 ming so‘m bo‘lgan holda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 102,5 foizga oshgan. Bu respublika hududlari orasida 12-o‘rin deganidir.
Iste’mol tovarlari. Viloyatda 4 763,1 milliard so‘mlik (2021 yilning mos davriga nisbatan 9,0 foiz) iste’mol tovarlari ishlab chiqarilgan bo‘lib, respublikadagi ulushi 2,4 foizni tashkil qilgan holda hududlar orasida 11-o‘rinni egallagan. Tahlil qilinayotgan davr mobaynida ishlab chiqarilgan oziq-ovqat tovarlari hajmi 2878,6 milliard so‘m (o‘sish ko‘rsatkichi 108,3 foiz), nooziq-ovqat tovarlari 1884,5 milliard so‘mni (110,2foiz) tashkil qilgan.
Qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi. Viloyatda 33 384,6 milliard so‘mlik qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqarilgan bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 103,7foizga oshgan. Respublika qishloq xo‘jaligida viloyatning ulushi 9,2 foiz bo‘lgan holda, hududlar orasida 5-o‘rinni egallagan. Jon boshiga to‘g‘ri keluvchi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi 9 689,4 ming so‘mni tashkil qilgan.
Xizmat ko‘rsatish. Ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 15 945,8 milliard so‘m bo‘lgan holda, 114,1 foizga oshgan. Xizmatlar hajmining respublika ko‘rsatkichidagi ulushi 4,5 foiz bo‘lib, hududlar orasida 7-o‘rinni egallagan. Jon boshiga to‘g‘ri keladigan xizmatlar hajmi esa 4 628 ming so‘mni tashkil qilgan.
Chakana savdo. Chakana savdo hajmi 20 504,8 milliard so‘m (112,5foiz), respublikadagi ulushi 6,4 foizni bo‘lgan holda, hududlar orasida 6-o‘rinni egallagan. Jon boshiga to‘g‘ri keluvchi chakana savdo hajmi 5 951,2 ming so‘m (hududlar orasida 12-o‘rin)ni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 110,1 foizga oshgan.
Qurilish ishlari. Qurilish ishlari hajmi 7 831,1 milliard so‘mni (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 105,8 foiz), respublikadagi ulushi 6,0 foizni tashkil etib, hududlar orasida 6-o‘rinni egallagan.
Asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar. Asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar hajmi 16 181,5 milliard so‘mni (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 80,8 foiz), respublikadagi ulushi 6,1 foiz (hududlar orasida 6-o‘rin)ni tashkil etgan. Jon boshiga to‘g‘ri keladigan asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar hajmi 4 696,4 ming so‘mdir.
Tashqi savdo aylanmasi. Tashqi savdo aylanmasi hajmi 547,5 million AQSH dollarini tashkil qilgan holda, o‘tgan yilga nisbatan 96,8 foizni tashkil etgan. Viloyat tashqi savdo aylanmasining respublika jami tashqi savdo aylanmasidagi ulushi 1,1 foiz bo‘lib, hududlar orasida 13-o‘rinni egallagan. Tashqi savdo aylanmasi tarkibida eksport – 303,4 mln AQSH dollari (112,3foiz o‘sish)ni, import – 244,1 million AQSH dollari (82,6 foiz)ga teng bo‘lgan.
O‘tgan yil davomida viloyatda 8 551 ta, ya’ni oldingi yilga nisbatan 90,4 foiz yangi kichik biznes sub’ektlari tashkil etilgan.
Furqat Islomov,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi yetakchi ilmiy xodimi
O‘zA