Qashqadaryo viloyati tibbiyotida muhim yangilik qayd etildi. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Qashqadaryo filialida ilk marotaba yuqori texnologiyali, murakkab kardiojarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Mazkur jarrohlik amaliyoti markazning Toshkent shahridagi bosh muassasasi kardiojarrohi, tibbiyot fanlari doktori Abdusalom Abdurahmonov hamda Qashqadaryo filiali mutaxassislari hamkorligida o‘tkazildi.
Ma’lum qilinishicha, 1954-yilda tug‘ilgan M.J. “yurak ishemik kasalligi, avj olib boruvchi nostabil stenokardiya, infarktdan keyingi kardioskleroz, gipertoniya kasalligining 3-bosqichi, arterial gipertenziyaning 3-darajasi, xavf 4 (juda yuqori), qandli diabet 2-turi, ateroskleroz, aorta klapani yetishmovchiligining 3-darajasi” tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan.
2026-yil 22-fevral kuni bemorda sun’iy qon aylanish apparati yordamida bir vaqtning o‘zida “yurak koronar tomirlarini autovenoz shuntlash” hamda “aorta klapanini protezlash” bo‘yicha simultant jarrohlik amaliyoti bajarildi. Jarrohlikning o‘ta murakkabligi shundaki, operatsiya davomida bemorda aorta klapani protezlanib, aortaning koronar tomirlariga uchta shunt tiqildi.
[gallery-27833]
Ayni paytda bemorning ahvoli qoniqarli bo‘lib, o‘tkazilgan jarrohlik amaliyotidan keyingi davr me’yorida kechmoqda.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari