Bugungi kunda global iqlim o‘zgarishlari butun dunyoda keskin ilgarilamoqda. O‘zbekiston hududi ham bu salbiy tendensiyalardan mustasno emas.
Iqlim o‘zgarishlarining oldini olish va ularga qarshi samarali kurashishda yosh avlodning ishtiroki muhim ahamiyat kasb etadi. Shunday ekan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar yoshlarni ushbu jarayonlarga faol jalb qilishga yo‘naltirilgan muhim qadamlardan biri bo‘lmoqda.
BMTTD tomonidan O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, “Zamin” xalqaro jamoat fondi hamda “Ta’lim hamma narsadan ustun” jamg‘armasi (Qatar) bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda iqlim ta’limi orqali yoshlarning yetakchilik qobiliyatlarini kuchaytirish va rivojlantirish” qo‘shma loyihasi ishga tushirilibdi.
Orol bo‘yi mintaqasidan start olgan loyiha bugun Qashqadaryoga ham yetib keldi.
Qarshi shahridagi Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabida shu maqsadlarga xizmat qiluvchi trening bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda 150 nafar maktab o‘quvchilari va mahalliy yoshlar yetakchilari 1,3 milliondan ortiq yoshlarni iqlim muammolari, barqaror qishloq xo‘jaligi va toza energiya kabi amaliy ko‘nikmalar bo‘yicha o‘qitishga qaratilgan loyiha bilan tanishdi. Loyiha qurg‘oqchilik, suv tanqisligi va cho‘llanish kabi iqlim muammolariga duch kelayotgan qishloq hududlariga qaratilgan bo‘lib, yoshlarning iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq mahalliy muammolarni hal etishda yetakchi bo‘lish imkoniyatlarini kengaytirishni nazarda tutadi.
– Ushbu loyiha yoshlarning iqlim o‘zgarishiga chidamli ko‘nikmalarini shakllantirish, maktablarda iqlim ta’limini joriy etish va yashil ish o‘rinlarini yaratish orqali O‘zbekistonning barqaror rivojlanishiga hissa qo‘shishni maqsad qilgan, – dedi loyiha rahbari Laziz Xo‘jaqulov.
Tadbir davomida maktab o‘quvchilari Yosh yashil elchilar jamoasini shakllantirish, iqlim sohasidagi yetakchining mahorat darsi, startaplar ko‘rgazmasi va iqlim bo‘yicha xabardorlikni baholash uchun onlayn so‘rovnoma kabi interfaol mashg‘ulotlarda ishtirok etdi. Bundan tashqari, o‘quvchilar guruhlarga bo‘linib, iqlim muammolariga yechimlar bo‘yicha g‘oyalarni muhokama qildi va taqdim etdi. Bu mashg‘ulotlar turli hududlardan kelgan yoshlar o‘rtasida qiziqish uyg‘otdi va ular o‘rtasida aloqalar o‘rnatilishiga sabab bo‘ldi.
[gallery-25882]
Ta’kidlash lozimki, bugungi kunda O‘zbekiston, ayniqsa, Orolbo‘yi hududlarida, haroratning ko‘tarilishi, suv tanqisligi va cho‘llanish muammolariga duch kelmoqda. 2025 yildan 2028 yilgacha amalga oshiriladigan 7,5 million dollarlik loyiha doirasida maktab dasturlariga iqlim bo‘yicha darslar kiritilishi, o‘qituvchilar malakasi oshirilishi va kasbiy ko‘nikmalar markazida (Monomarkaz) “yashil” ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda.
Ushbu loyiha O‘zbekistonning milliy iqlim strategiyasini qo‘llab-quvvatlab, mamlakatning iqlimga ta’sirchan hududlari uchun uzoq muddatli va barqaror yechimlarni taqdim etishi kutilmoqda.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari