Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qashqadaryoda yosh saylovchilar forumi
11:56 / 2024-10-23

Qashqadaryo viloyatida yosh saylovchilar uchun tashkil etilgan “Yosh saylovchi” forumi, yoshlarning huquqiy bilimlarini oshirish, ularni saylov jarayonlarida faol ishtirok etishga undash maqsadida o‘tkazildi. Ushbu forumda, ayniqsa, birinchi marta saylovda ishtirok etayotgan yoshlarga alohida e’tibor qaratildi. Ular uchun maxsus taqdimotlar va ma’ruzalar tashkil etilib, saylov qonunchiligiga oid huquqiy ma’lumotlar yetkazildi.

Tadbir davomida yoshlarni zamonaviy kasblarga va xorijiy tillarga bepul o‘rgatuvchi loyihalar – “Ibrat”, “Mutolaa”, “Ustoz AI”, “Uz Chess” kabi pavilonlar tashkil etildi. Bu loyihalar yoshlar o‘rtasida katta qiziqish uyg‘otib, ularga kelajakdagi professional va shaxsiy rivojlanish uchun keng imkoniyatlar taqdim etdi. Ayniqsa, birinchi marta saylovda qatnashayotgan yosh saylovchilarning e’tiborini jalb qilish maqsadida loyiha taqdimotlari interaktiv tarzda o‘tkazildi.  

[gallery-19936]

Bundan tashqari, yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida tashkil etilgan harbiy aslahalar ko‘rgazmasi ham ularda katta taassurot qoldirdi. Tadbir davomida yoshlarning nafaqat siyosiy, balki umumiy bilimlarini ham boyitishga qaratilgan intellektual bellashuvlar ham bo‘lib o‘tdi. Ayniqsa, “Siz bilasizmi?” deb nomlangan viktorinalar yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Viktorinalar g‘oliblariga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.  

Forumning eng muhim qismlaridan biri bu Qarshi shahar hokimining yosh saylovchilar bilan o‘tkazgan ochiq muloqoti bo‘ldi. Hokim yoshlar bilan erkin suhbat qurib, ularni o‘z fuqarolik burchini bajarishga, ya’ni saylovlarda faol ishtirok etishga chaqirdi. Yoshlar o‘zlarining fikr va mulohazalarini bildirar ekan, saylov jarayonlari to‘g‘risidagi ko‘plab savollarga huquqiy jihatdan batafsil javob olishdi. Tadbir davomida 5 mingdan ortiq yosh saylovchilarga saylov jarayonlari haqida muhim huquqiy tushunchalar berildi.  

Forum gala-konsertga ulanib, yuqori kayfiyatda yakunlandi.  

Shu tariqa, forum nafaqat yoshlarning huquqiy bilimlarini oshirishga, balki ularda milliy g‘urur va vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashga qaratilgan katta bir madaniy-ma’rifiy tadbir sifatida yodda qoldi.  

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari