English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qashqadaryoda «yer yongani» rostmi?
17:52 / 2021-12-16

Yong‘in chiqishi yer egasi tomonidan o‘simlik kesib yoqilgani natijasida vujudga kelgan – mutaxassis izohi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanidagi Xo‘jaabdujabbor qishlog‘ida «yer yonishi» hodisasi sodir bo‘lganligi haqida turli fikrlar tarqaldi.

O‘zA muxbiri aynan shu hodisaga aniqlik kiritish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Ziyoda Ahmedova bilan telefon orqali bog‘landi.

Ziyoda Ahmedovaning ma’lum qilishicha, ushbu hodisa O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi mutaxassislari tomonidan joyiga borib o‘rganilgan.

– Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani Xo‘jaabdujabbor qishlog‘ida taxminan 20x25m yer maydonida yer osti yonish hodisasi sodir bo‘lgan. Mahalliy aholi vakillari ma’lumotiga ko‘ra, ko‘p yillar oldin ushbu hududda botqoqlik, qamishzor va terakzor bo‘lib, yillar o‘tishi bilan botqoqlik tortilib tekis quruqlikka aylangan va ustki qismi tuproq bilan qoplangan.

Hodisaga oydinlik kiritish maqsadida mutaxassislar joriy yilning 15 dekabr kuni yerosti qatlamining yonib bo‘lgan qismi, yonayotgan qismi va yonib ulgurmagan qismlari qazib ko‘rildi va hududda qamishzor bo‘lganligi, ya’ni qazilgan joyda yer ustidan dastlab 30sm dan 70 sm gacha tuproq qatlam, 20-50 sm torfsimon cho‘kindi chirindilar qatlamidan tashkil topgani aniqlandi.

Ushbu maydonda yong‘in chiqishi, yer egasi tomonidan o‘simlik kesib yoqilgani natijasida vujudga kelgani ma’lum bo‘ldi, dedi Ziyoda Ahmedova.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA