Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qashqadaryoda yangi zamonaviy futbol akademiyasi faoliyat boshladi
22:49 / 2025-10-31

Yurtimizda sport, xususan, futbolni rivojlantirish, iqtidorli yoshlar uchun zamonaviy shart-sharoitlar yaratish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining “Omma¬viy va professional futbolni har tomonlama rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Qarshi shahrida yangi futbol akademiyasi foydalanishga topshirildi.

Qashqadaryo viloyati futbol akademiyasining tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi Murotjon Azimov, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati, keng jamoatchilik va futbol muxlislari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi ta’kidlaganidek, ushbu akademiya mamlakatimizda futbolni yangi bosqichga olib chiqish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir. Bu yerda tarbiyalanuvchi yosh futbolchilar kelgusida yurtimiz sharafini xalqaro musobaqalarda munosib himoya qiladi, deb ishonilmoqda.

[gallery-26021]

Shu munosabat bilan bir qator sport fidoyilari “O‘zbekiston futboli rivojiga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandi.

Akademiya hududida zamonaviy o‘quv-tarbiya va mashg‘ulot binolari, fitnes va tiklanish markazlari, tibbiy xizmat xonalari, yotoqxona, oshxona, sun’iy va tabiiy gazonli maydonlar barpo etilgan. Bunday sharoitlar yosh futbolchilarning yuksak standartlar asosida mashg‘ulot olishi, jismoniy va ma’naviy jihatdan mukammal shakllanishiga xizmat qiladi.

Akademiyada tahsil oluvchilar nafaqat futbol mahoratini takomillashtiradi, balki yoshlar uchun maxsus ta’lim dasturlari asosida umumiy savodxonlik va bilimlarini ham mustahkamlaydi. Ta’kidlash kerakki, bu yerda ishlayotgan mutaxassislar tarkibiga xalqaro tajribaga ega murabbiylar ham jalb etilgan.

Qashqadaryodagi ushbu yangi sport maskani nafaqat viloyat, balki butun mamlakatimiz uchun iste’dodli yosh futbolchilarni tayyorlashda muhim o‘rin tutadi. Yaqin kelajakda bu akademiyadan yetishib chiqadigan iqtidorlar Osiyo va jahon miqyosida yurtimiz bayrog‘ini yuksaklarga ko‘taradi, degan umiddamiz.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari